Bugun, 13 iyuldan boshlab haftaning oxirigacha O‘zbekiston hududida chilla davriga xos juda issiq havo kuzatiladi, deya xabar berdi O‘zgidromet matbuot xizmati.

Respublika hududidagi ob-havoni atmosferadagi past bosimli maydon belgilaydi. Bu holat yilning ushbu payti uchun xosdir.

Iyunning oxirida va iyulning boshida kuzatilgan nisbatan qulay haroratlardan so‘ng mamlakatda bu hafta Turkmanistondan kiradigan haqiqiy yoz issig‘i bo‘lishi kutilmoqda.

Shu kunlarda harorat kechasi 21−24 daraja, kunduzi 37−40 daraja atrofida bo‘ladi, respublika shimoli, janubi va cho‘l zonasida esa 42 darajagacha ko‘tariladi.

Bu yoz avji uchun xos bo‘lgan me’yoriy ko‘rsatkichlardan 4−6 darajaga yuqoridir. Biroq bunday haroratlar mamlakatda deyarli har yili kuzatiladi, deyiladi xabarda.

Respublika bo‘yicha ayrim joylarda shamolning tezligi sekundiga 15−20 metrgacha kuchayishi hamda chang ko‘tarilishi mumkin.

Mamlakatning butun tekislik qismida kam bulutli va quruq ob-havo saqlanib turadi, faqat tog‘li va tog‘oldi hududlarda 13 iyuldan 15 iyulgacha davrda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor, yog‘ingarchilik asosan kunning ikkinchi yarmida kuzatilishi mumkin.