O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish hamda byudjet tushumlarini so‘zsiz ta’minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Yig‘ilishda prezident tadbirkorlar karantin qoidalariga amal qilishda sanitariya va yong‘in xavfsizligi idoralari tomonidan tushunarsiz va bir-biriga zid talablarga duch kelayotganini ta’kidladi.

Shu bois, tadbirkorlarning murojaatlari va takliflari asosida joriy tartiblarni qayta ko‘rib chiqib, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tushunarli shaklda aholiga yetkazish topshirig‘i berildi.

Avvalroq «Gazeta.uz» Toshkent restoratorlari nazorat organlari tomonidan karantin talablariga turlicha yondashilayotganidan shikoyat qilayotgani hamda umumiy ovqatlanish uchun aniq va tushunarli qoidalar ishlab chiqilishini so‘ragani to‘g‘risida yozgan edi.