Chilonzor tuman Tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi mutaxassislari xulosasiga ko‘ra, Tashkent Trade Center («Abu Saxiy») profilaktika tadbirlarini o‘tkazish uchun vaqtincha yopildi, deya xabar berdi Chilonzor tumani hokimligi matbuot xizmati.

Matbuot xizmatining xabar berishicha, 6 iyul kuni koronavirus tarqalishiga qarshi profilaktika choralari doirasida savdo markazi ma’muriyati xodimlari va ushbu markazda ishlayotgan tadbirkorlardan COVID-19 uchun test namunalari olindi.

«Test tahlillari natijasiga ko‘ra, bir necha ma’muriyat ishchilari va savdo xodimlarida koronavirus infeksiyasi borligi aniqlandi», — deyiladi xabarda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi may oyida koronavirusni erta aniqlash uchun mamlakatning barcha hududlaridagi, shu jumladan Toshkent shahridagi bozorlar va savdo markazlarida ommaviy testlar o‘tkazayotganini ma’lum qildi. Avvalroq, «O‘rikzor», «Fleshka» («Malika») majmualarida va Yunusobod tumanidagi dehqon bozoridagi savdogarlarda kasallik aniqlangani ma’lum bo‘lgan edi.