Koronavirus infeksiyasiga chalingan poytaxtlik bemorning shifokorga kech murojaat qilishi uning vafotiga sabab bo‘ldi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

45 yoshli poytaxtlik bemorda bir necha kun davomida koronavirus infeksiyasi alomatlari sezilib, tana haroratining ko‘tarilishi, tomog‘ida og‘riq va holsizlik kuzatilgan.

Ammo shunday bo‘lishiga qaramasdan u shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilmay, uy sharoitida davolanib yurgan.

Natijada shu yilning30 iyun kuni Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasiga o‘ta og‘ir holatda, o‘tkir nafas yetishmovchiligi bilan olib kelinib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorga (erkak kishi) yurak ishemik kasalligi, o‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi, ikki tomonlama pnevmoniya dastlabki tashxisi qo‘yilgan.

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli malakali shifokorlar va yetakchi mutaxassislar tomonidan kerakli maslahat vatelemeditsina orqali bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilib, doimiy nazoratga olingan.

Biroq shifokorlarning reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etdi.

Avvalroq Toshkentda koronavirus infeksiyasiga chalingan 71 yoshli bemor o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgani xabar qilingan edi.