Koronavirus infeksiyasiga chalingan 71 yoshli bemor o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashovchi, 71 yoshli onaxon M.G. joriy yil 30 iyun kuni koronavirus aniqlanganligi sababli Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga “Yurak ishemik kasalligi, gipertoniya, stenokardiya, qandli diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi, ikki tomonlama pnevmoniya og‘ir kechishi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi” tashxisi qo‘yilgan.

Bemor bundan avval, oxirgi 10 yil davomida yurak ishemik kasalligi, gipertoniya, stenokardiya, qandli diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib yurgan. So‘nggi bir oy ichida esa rejali gemodializ muolajalarini olishni boshlagan.

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli malakali shifokorlar tomonidan maslahatlar, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari tomonidan telemeditsina orqali konsiliumlar o‘tkazilib, doimiy nazoratga olingan.

Biroq shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etdi, deyiladi xabarda.

Avvalroq Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi koronavirus aniqlangan 35 yoshli ayolning o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilingan edi. Unga “Ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligi 3-daraja, semizlik 2-daraja” tashxisi qo‘yilgan/