2 iyul kuni sementni import qilish jarayonini soddalashtirish bo‘yicha hukumat tomonidan topshiriq berildi, deya xabar berdi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi. Qaror sement bozorida taklif darajasini ko‘tarish va ichki bozorni usluksiz ravishda sement bilan ta’minlash maqsadida qabul qilindi.

Takliflar va tegishli hujjat loyihalarini ishlab chiqish vazifalari Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi (MQKQ), “O‘zstandart” agentligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” assotsiatsiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda sifatsiz sement import qiluvchilar javobgarligini kuchaytirish rejalashtirilgan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda GOST me’yoriy hujjatlari talablariga ko‘ra import qilingan sement mahsulotini bojxonada rasmiylashtirish uchun 28 kun laboratoriya sinovlaridan o‘tkaziladi. Faqat ijobiy laboratoriya xulosasi mavjud bo‘lgan sement ichki bozorda realizatsiya qilinadi. “Buning hisobiga importidan sement mahsulotini olib kirish hajmlari oldingi davlarga nisbatan sezilarni kamaygan”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq, “Gazeta.uz” hukumat oq va portland sementi importini bir oyga cheklab qo‘ygani va ushbu qarori bilan sement narxining ko‘tarilishini keltirib chiqargani haqida xabar bergan edi. Taqiq 23 aprelda kiritilgan va 23 mayda olib tashlangan edi. Natijada, yanvar oyidan boshlab birjadagi barcha sement markalarining narxi bir tonna mahsulot uchun 502 ming so‘mdan 797 ming so‘mgacha, ya’ni 59 foizga ko‘tarildi. Narxlarning o‘sishi asosan may-iyun oylarida, ya’ni qurilish mavsumining boshida sodir bo‘ldi.

Hukumat buyrug‘iga ko‘ra birjada har bir xaridor uchun 114 tonna miqdoridagi kunlik limit belgilandi. MQKQ ma’lumotlariga ko‘ra, bu narxlarning shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Xarid qilgan ishtirokchilarning soni deyarli ikki barobarga ko‘paydi. 26 iyun kuni 1 tonna sementning o‘rtacha narxi 797 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 30 iyun kuni bu ko‘rsatkich 728,9 ming so‘mni tashkil etdi.

“Biroq, mazkur tadbir ham sementga bo‘lgan talabning yuqoriligi sababli narxlarni sezilarli darajada tushirilishiga va talabning qondirilishiga yetarlicha ta’sir etmadi, — deya ta’kidladi qo‘mita. — Sementga bo‘lgan talabning mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘liq qoplab berilmayotganligi sababli, import sementga ham extiyoj oshmoqda”.