Prezidentning 30 iyun kuni qabul qilgan “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bilan “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ faoliyati tugatiladi.

Qarorga ko‘ra, davlat rahbari qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalarini boshqarish tizimini yanada maqbullashtirish va takomillashtirish maqsadida Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “O‘zagrotexsanoatxolding” AJni tugatish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berdi.

Shu bilan birga, mazkur aksiyadorlik jamiyatini tugatish komissiyasi tuzilishi belgilangan. Bunda, Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda ushbu masala bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ni tasdiqlab, uning bajarilishini ta’minlashi qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ korxonalari uchun berilgan imtiyozlar va preferensiyalar (qo‘shilgan qiymat solig‘idan tashqari) o‘z kuchini prezident va hukumatning tegishli hujjatlari bilan belgilangan muddat tugagunga qadar saqlab qolinadi.

Ma’lumot uchun, “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati 2016 yili tashkil etilib, uning ustuvor yo‘nalishlari qatorida ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari raqobatbardoshligini oshirish, eksport mahsulotlari turlarini va yetkazish hajmini kengaytirish hisoblanadi.

Xolding tarkibiga “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” AJ, “Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” AJ, “Agregat zavodi” AJ, “Texnolog” AJ va “Urgenchkormmash” AJ kiradi.

Shuningdek, aksiyadorlik jamiyatining rasmiy saytidagi ma’lumotga ko‘ra, xolding ustav kapitalining miqdori 904,4 mlrd so‘m (01.04.2020 yil holatiga), unda 73 kishi faoliyat yuritib keladi va bu sohada esa ishchi-xodimlari soni 2 656 kishini tashkil etadi.