30 iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov «Markaziy Osiyo — AQSH» («C5+1») videokonferensiyasida ishtirok etdi, deya xabar berdi vazirlikning matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, tadbirda Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov va AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo ishtirok etdilar.

Xabarga ko‘ra, tomonlar mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy tahdid va xatarlarga, jumladan, koronavirus tarqalishiga qarshi kurashning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

«O‘zbekiston TIV rahbari raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, milliy transport strategiyalarini muvofiqlashtirish, qishloq xo‘jaligida innovatsiyalarni rag‘batlantirish, mintaqa mamlakatlarining energetika salohiyatini kengaytirish, Markaziy Osiyoning ekologik og‘ir mintaqalarida ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni yaxshilash, xususan Orolbo‘yini innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirish kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikka urg‘u беришни taklif qildi», deyiladi xabarda.

Shuningdek, O‘zbekiston tomoni xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini ilgari surish bo‘yicha faol harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini qayd etildi.