Ichki ishlar vazirligi «Ezgulik» inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov Facebook’da Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida yashagan fuqaroning jazoni ijro etish muassasasida qiynoqlardan vafot etganini haqidagi xabari va unga ilova qilingan videoyozuv (post hozirda o‘chirilgan) yuzasidan axborot berdi.

IIV xabarida qayd etilishicha, mahkum F. Xidirov (1975 y. t., muqaddam 4 marotaba sudlangan) qamalgunga qadar Yangiyo‘l tumani «Bahor» MFYda istiqomat qilgan.

2010 yil 18 oktyabrda Yangiyo‘l shahar sudining hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Jinoyat кодексининг 273-modda 5-qismi, 164-modda 2-qismi «a» bandi bilan 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. JKning 34-moddasiga asosan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan.

Joriy yilning 5 iyundan buyon bir qator ichki kasalliklari tufayli mahkumlar uchun ixtisoslashtirilgan 23-sonli kasalxonada davolanib kelgan.

Davolanishiga qaramasdan, 18 iyun kuni soat 05:45 larda kasalxonaning terapiya bo‘linmasida «O‘pka sili IV klinik bosqichi (limfa tugunlari tarqoq kattalashishi, orofarengial kandidoz, noma’lum etiologiyali uzoq davom etuvchi isitma, tana vazni kelganga nisbatan 10 foizdan ortiq kamayishi, diareya» tashxisiga ko‘ra vafot etgan.

Murda prokuratura organlari tomonidan tekshirilgan, tan jarohatlari aniqlanmagan, holat yuzasidan tegishli ekspertiza tayinlangan.

Videotasvirda ko‘rinayotgan qizarishlar bu murda dog‘i bo‘lib, tan-jarohatlariga aloqasi yo‘q, deya ta’kidlandi IIV xabarda.

Mahkum F. Xidirov kasallik tashxisi bo‘yicha O‘zbekiston IIV va SSVning hamkorlikdagi 2008 yil 13 avgustdagi 1854-sonli qarorida ko‘rsatilgan kasalliklar ro‘yxatiga to‘g‘ri kelganligi sababli ozodlikka chiqarish bo‘yicha sud muddatini kutayotgan bo‘lgan.

Ushbu holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda, natijasi haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi, deyiladi xabarda.