Namangan viloyatining Norin tumanida Damas avtomashinasida urib ketilishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi va ikki kishi jarohatlandi, deya xabar beradi IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Hodisa 28 iyun kuni soat 12:10 da «Korateri» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yuz berdi. 9-sinf o‘quvchisi 16 yoshli E.M., Damasni (onasining nomiga rasmiylashtirilgan) boshqarib, shu yo‘nalishda oldinda harakatlanib ketayotgan uch piyodani urib yuborgan.

Avtohalokat natijasida 38 yoshli S.Q. voqea joyida vafot etdi, 44 yoshli I.S. chap sonining yopiq sinishi va 43 yoshli M.R. bosh miya chayqalishi bilan kasalxonaga yotqizildi.

Norin tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan (yo‘l harakati xavfsizligi yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.