28 iyun kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentning Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasining koronavirus aniqlangan 52 yoshli shifokori miokard infarktidan vafot etganini ma’lum qilgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi “Gazeta.uz"ga tibbiyot xodimining aniq o‘lim sanasini ma’lum qilmadi.

Vafot etgan shifokor Alisher Uralovning qizi Shahnoza Hasanova jurnalist Aziza Qurbonovaga murojaat qilib, otasini Toshkent viloyatidagi “O‘rtasaroy” karantin majmusiga majburlab yuborishganini, u yerda ishlash uchun sharoitlarning qoniqarsiz ekani hamda otasi ishlagan Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi uni davolash uchun qabul qilmaganini ma’lum qildi.

Alisher Uralov. Foto: Facebook.

Jurnalist uning murojaatini o‘zining “Mikrofon ko‘targan ayol” Telegram-kanalida e’lon qildi. “Gazeta.uz” Aziza Qurbonova yordamida Toshkent pediatriya tibbiyot instituti magistraturasi 3-bosqichida o‘qib, xalqaro tashkilotda ishlayotgan Shahnoza Hasanova bilan bog‘landi.

“Karantin hududiga majburan yuborishdi”

52 yoshli Alisher Uralov Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasida — Markaziy ko‘p tarmoqli kasalxonada neyrofiziolog bo‘lib ishlagan. Qizining so‘zlariga ko‘ra, 13 iyun kuni kadrlar bo‘limi boshlig‘i shifokorga karantin markaziga borishi kerakligini, aks holda uni ishdan bo‘shatishlarini aytgan.

“U ikki marta rad javobini bergan, chunki u gipertoniya, qandli diabet bilan kasallangan edi. 14 iyun kuni O‘rtasaroyga bordilar. Sog‘liqlari ko‘tara olmay, 18−19−20-kunlari issig‘i 39 darajaga chiqib ketdi. Keyin O‘rtasaroy shtabidan Yakkasaroy shtabiga, o‘zlari Yakkasaroyda ishlar edilar, o‘tkazish uchun telefon qilishgan. Telefon qilishsa boshliqlar „yo‘q, qabul qilmaymiz“ deyishgan. Sargardon bo‘lib Nazarbekdagi (Zangiota tumani — tahr.) shifoxonaga ketishgan”, — dedi marhumning qizi.

Alisher Uralovni qabul qilgan Zangiota tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokorlari koronavirus uchun topshirilgan ikkinchi test natijalarini kutishgan. Shahnoza Hasanovaning tasdiqlashicha, test ijobiy chiqqan, biroq virachlar unga kerakli tibbiy yordamni ko‘rsatishmagan.

“Nazarbekdagi shifoxonada bechora otam xarsillab koridorma-koridor yurib shifokor izlardilar. Hech qanday konsilium, hech qanday pulmanologlar bo‘lmagan. Dadam bilan gaplashgandimda, qizim, tanish pulmonoglar bormi, bu yerda hech kim menga qaramayapti, derdilar. Keyin ahvollari og‘irlashdi, harsillab gapirardilar. Biz murojaat qilaverganimizdan keyin IVLga (sun'iy nafas olish uskunasi — tahr.) o‘tkazishdi. Bilasiz, IVL yurakka zo‘riqish beradi. Ular noto‘g‘ri qaror qabul qilishgan”, — dedi u.

Sog‘liqni saqlash vazirligi shifokorning o‘limi to‘g‘risida 28 iyun kuni xabar qildi. Biroq, qizining aytishicha, Alisher Uralov 26 iyun kuni Toshkentdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan va shu kuni olamdan o‘tgan.

“25 iyundan 26 iyunga o‘tar kechasi ahvollari judayam og‘irlashib qolgandan keyin majburiy “Literaturniy"dagi (Uchtepa tumani — tahr.) yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelishgan. Bir soat inkubatsiya qilishgan. Inkubatsiyadan keyin otam vafot etganlar. Uni ko‘rganingizda edi, o‘pkalari bir siqimga aylanib qolgan, alviolalariga suv to‘lgan”, — deydi shifokorning qizi.

Alisher Uralovning o‘limi to‘g‘risidagi guvohnoma. O‘limning asosiy sababi sifatida COVID-19, o‘lim sanasi esa 26 iyun etib ko‘rsatilgan.

Shahnoza Hasanova Sog‘liqni saqlash vazirligi Alisher Uralov miokard infarkti tufayli vafot etgani to‘g‘risida xabar berganidan keyin haqiqatni izlashga qaror qilgan. Bundan tashqari, o‘lim to‘g‘risidagi guvohnomada o‘limning asosiy sababi COVID-19 ekani ko‘rsatilgan. O‘limga olib keladigan kasalliklar sifatida ikki tomonlama pnevmoniya va o‘pka shishi ko‘rsatiladi.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat aka (Sanayev) bilan ham gaplashdim. Shifokor infarktdan o‘ldi, deb o‘zlaringizni oqlab yozibsiz, insofingiz bormi, nimaga noto‘g‘ri xabar tarqatdingiz, dedim. Shu xabar chiqqanidan keyin men kurashishni boshladim. Otam infarktdan emas, koronavirus asoratlaridan vafot etdi. Keyin kim sizlarga xabarni berdi, desam Yakkasaroy tibbiyot birlashmasi, dedi. Bunga chidab turolmayman, hamma bilsin, prezidentgacha yetib borsin, prezident ochiq-oydin bilsin aslida nimalar bo‘lganini”, — dedi u yig‘lagan holda.

Alisher Uralovning yaqinlari uni oxirgi marta 14 iyun kuni Yuqorichirchiq tumanidagi karantin markaziga ketishidan avval ko‘rishgan.

“Uni 967 raqami bilan ko‘mishdi. Yonida yana ikkita tobut bor edi”Alisher Uralov “O‘rtasaroy” karantin majmuasida. Foto: Shahnoza Hasanova.

Shahnoza Hasanova otasining ishlash sharoitlari va koronavirus yuqtirish sabablari haqidagi taxminini ham aytib o‘tdi.

“Unga oq kombenzon, niqob va ko‘zoynak berishgan. Bilsangiz, koronavirus ochiq qo‘llar, ochiq oyoqlardan ham yuqadi. Baxilla va qo‘lqoq berishmagan. Shifokorlar shunday ishlashmoqda. Va bitta kasalni ko‘rganidan keyin shifokor yuvinib chiqishi kerak. Yuvinib chiqqayotganda o‘sha orqali yuqqan, deb o‘ylayapman men”, — deb hisoblaydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qabristonda otasidan tashqari yana ikki nafar koronavirus bemorini ko‘mishgan.

Jasadlar. Yerdagi tobutdan tashqari yuk mashinasi ichida yana ikkita tobutni ko‘rish mumkin. Foto: Shahnoza Hasanova.

“Qabristonda otamning tobutidan tashqari yana ikki kishining jasadi bor edi. Bu haqda OAVda ham e’lon qilishmadi… O‘likxonadan javobini cho‘zaverishdi. Men yaqinlarimda bilib berishni iltimos qildim. Bilsak, otam 967-bo‘lib ko‘milibdi. Yangi ToshMIda „Chinorota“ degan yangi mozor bor ekan. O‘sha yerga 965, 966, 967 raqamli uchta koronavirus tobutini olib kelishdi. Ushbu raqamlar nimani anglatishini bilmayman, lekin morgda otam bilan yana ikki kishini ko‘mishdi, deb aytishdi”, — dedi u.

“Koronavirus jasadlarini maxsus liboslarda ko‘mishadi. 2 metr oraliqda qabr qaziladi. Mana shu uchta odam, uchta erkak ketma-ket tushishdi. Ular otamdan bir-ikki soat oldin o‘lganligi uchun otamning raqami 967 bo‘lgan. Qolgan ikkita erkak 32, 35 yoshda bo‘lishgan, koronavirusdan vafot etishgan”, — deya qo‘shimcha qilishdi shifokorning qizi.

“Lekin otamning uchta kasali borligini inobatga olmagan holda u yerga tahdid bilan jo‘natishdi… Bu nohaqliklarga chiday olmayapman, yonib ketayapman. Menga hatto otamning kasalliklar tarixidan ko‘chirmani ham berishmayapti. Bir qancha ayollar kelib, Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasida joy bo‘lganini aytishdi”, — dedi u.

Dafn marosimini maxsus liboslardagi SES xodimlari amalga oshirmoqda. Foto: Shahnoza Hasanova.

“Shifokorlar kontingentini to‘g‘ri tanlash kerak”

Jurnalist Aziza Qurbonova Alisher Uralov bilan karantin majmuasida birga ishlagan shifokor bilan suhbatlashdi.

“Haqiqatan ham vrachlarga „davka“ ketyapti. Bu yerga kelmaganlardan ham so‘rab ko‘ring, shunday deyishadi. Shaxsan o‘zim ham 54 yoshli vrachman va bu yerga majburan kelganman. Ehtiyojlarimizga kerak bo‘ladigan narsalarni yaxshi ta’minlab berisholmadi. Karantinga olingan 600 ga yaqin fuqaroga brigadamiz bilan tibbiy xizmatni olib bordik. 600 kishi hammasi virusga chalingan emas, lekin ularning boshqa kasalliklari bo‘ladi, asab, oshqozon kasalliklari, psixoz kuzatiladi…” — dedi u.

Vrach shifokorlar kontingenti to‘g‘ri tanlanishi kerakligini ta’kidladi.

“Himoya vositalariga kelsak, bu yerda qizil va yashil zonalar bor. Qayerda xizmat ko‘rsatishga qarab kiyimlar kiyiladi. Mening fikrim, bu yerga keladigan shifokorlar kontingentini to‘g‘ri tanlash kerak. Tasavvur qiling, ishxonangizda ishlayapsiz-da, shundoq qo‘ng‘iroq qilishadi-da yarim soat vaqt berishadi, narsalaringni yig‘ zonaga borasan! Hech qanday tayyorgarlik etapi yo‘q, instruktaj yo‘q, qog‘ozlarda qolib ketgan. Kelgan shifokorlar vaziyatni o‘rganib olguncha 2−3 kun shokda yuradi. Shaxsan men o‘zim o‘sha yakshanbada (14 iyun kuni) tug‘ruqxonada dejurda edim. Meni navbatchilikdan olishyapti-da bu yerga jo‘natishyapti. Bu insoniylikdanmi?” — deya savol berdi u.

Toshkent hokimligining “O‘rtasaroy” karantin majmuasidan tayyorlagan videosidan lavha.

Vrachning fikricha, Alisher Uralov insoniylik jihatidan ishlab turgan joyi tomonidan qabul qilinishi kerak edi.

“Bu yerga shifokorlarning yoshi, sog‘lig‘i bilan hisoblashib jo‘natish kerak edi. Alisher aka bilan 4−5 kun birga yotgan bo‘lsam, u kishining kasalliklari ko‘p ekan, kelmasligi kerak edi. Men u kishini tez yordamda jo‘natish ishlari bilan o‘zim shug‘ullandim, telefonda shtab bilan gaplashdim, keyin ham aloqada bo‘lib turdim. Alisher Uralovda virusga shubha tug‘ilganida o‘z ishxonasiga jo‘natilishi yuridik jihatdan to‘g‘ri emasdir, lekin insoniylik jihatidan ishlab turgan joyi tomonidan qabul qilinishi kerak edi. Nazarimda, u yakshanbadan to jumagacha yaxshi tibbiy xizmat ololmagan”, — dedi u.

Aziza Qurbonova Yakkasaroy TTB kadrlar bo‘limi boshlig‘i bilan ham suhbatlashdi. U bosiqlik bilan savollarga javob berishga vakolatli emasliklarini aytgan. Ammo bir-ikki vaziyatga fikrlarini bildirgan.

“Alisher Uralov karantin zonaga bormaslik uchun hech qanday yozma rad javobi bermagan. Hech kim majburlanmagan. “Yosh bolali, pensiya yoshidagi shifokorlarimiz bor, ularga taklif ham berilmagan. O‘rta yoshli va sog‘lom shifokorlarni jo‘natganmiz. U kishi har kuni sog‘lom ishga kelib, ishlab yurgandilar-da. “Bolnichnыy"larini ko‘rsak, faqat 2016 yilda 3 kunga chiqqan ekanlar”, — degan kadrlar bo‘limi boshlig‘i Aziza Qurbonovaga. Uning ta’kidlashicha, Uralov kadrlar bo‘limi boshlig‘iga 25 iyunda qo‘ng‘iroq qilgandagina holat yomonligidan xabar topgan, ungacha bilmagan. Alisher Uralov qaysi bolnitsada yotgani, nafasi qisayotgani, simptomlari kovidga o‘xshayotganini aytgan.

Shuningdek, bosh shifokorning ham Uralov virus yuqtirgani haqda hayotining oxirgi kunlari (25−26 iyun) gacha xabari bo‘lmaganini ma’lum qilgan. “Bosh shifokor „menga hech kim chiqmadi, qanday qilib u kishini yotqizmasligim mumkin?“ degan”, — dedi kadrlar bo‘limi boshlig‘i.

Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori esa savollarga “xat bilan chiqishsa, javob beraman”, — deb javob bergan.

“Gazeta.uz” O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligidan izoh ololmadi.