O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan yoshlar siyosati sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi yangi organ — Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Farmonda agentlikning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, agentlik yoshlar bilan bog‘liq soha va yo‘nalishlarda yagona davlat siyosati, strategik yo‘nalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi.

Shuningdek, agentlik hududlar kesimida ishsiz yoshlar ro‘yxatini shakllantiradi hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Bundan tashqari, yuqori kasbiy salohiyatga ega, tashabbuskor va islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etuvchi yosh kadrlar zaxirasi shakllantiradi.

Farmon bilan O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dasturda, jumladan, O‘zbekiston yoshlari portalini tashkil etish va unda yoshlar siyosatini baholash milliy indekslari hamda yoshlarga oid qonun hujjatlari bazasini shakllantirish belgilangan.

Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar agentlik tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki nodavlat notijorat tashkilotlariga ijtimoiy buyurtma shaklida ajratiladigan davlat grantlari va subsidiyalar taqsimlash orqali moliyalashtiriladi.