Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov UzReport telekanaliga bergan intervyusida hokimlar, vazirlar va yuqori lavozimdagi amaldorlar «matbuotda o‘ylamay gapirib qo‘ygani oqibatida rezonansli holatlar» yuzaga kelgani to‘g‘risida o‘zining shaxsiy fikrlarini bildirdi.

«O‘sha paytda prezidentimiz bitta fikr aytganlar: «Erkin matbuot O‘zbekiston uchun yangilik. O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan rahbarlar uchun ham yangilik. Davr ko‘rsatdiki, biz yaxshi, zamonaviy kadrlarni, ko‘nglimiz darajasida yetkaza olmadik, yarata olmadik. Demak hozir aynan shu kadrlarni yaratish va tarbiyalash davri. Men imkoniyat beraman hammaga: xato qilishga va o‘zini xatosi ustida ishlashga. Men boshqacha tarbiyalay olmayman ularni», — deya prezidentning so‘zlarini eslaydi mass-mediani qo‘llab-quvvatlash fondi Vasiylik kengashi raisi.

«Demak matbuot ochiq, biron bir amaldor xato qildimi, xatosi uchun o‘zi harakat qilsin, ishlasin va uni to‘g‘irlashni o‘ylasin. Har bitta odam matbuotda qilgan xatosi uchun ishdan ketsa, ertaga kelgan odam ham huddi shunday xatoni qilmaydi deb ishonch bilan ayta olmaymiz, chunki „pachkalab“ mana bu yerda poylab turgan „kadrovыy zapasimiz“ yo‘q», — deydi Allamjonov.

U xato bilan xatoning ham farqi borligi, so‘zda xato qilish, bilmay gapirib qo‘yish yoki haqorat qilib qo‘yish boshqa boshqa xatolar ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Hokimlar masalasida to‘xtalib: «Hokimiyatni o‘zini bitta oila deb hisobga oladigan bo‘lsak, oilani ichida kimdir shu ichki jarayondan yashirincha, uni so‘zlarini yozib olib internetga chiqarayapti. Buni oqibatida, ularni o‘sha hissiyotlarga berilib gapirgan haqoratlari, so‘zlari chiqib kelyapti. Odamlarda „bu hokim mana shunaqa odam ekan, bunaqa odam ishlashi kerakmas bu lavozimda“ degan fikr shakllanayapti», — deydi Allamjonov.

U masalaga rahbarning ko‘zlari bilan qarashni taklif etdi. «Biz masalan, ishdan ketishi kerak deb hisoblagan hokimlarni nima uchun deb so‘rasangiz — haqorat qilgani uchun deysiz, yoki mana bunaqa so‘kingani uchun deysiz. Boshqa narsani bilmaymiz. Nima ish qildi, natijalari qanaqa, imkoniyatlari qanaqa, nima o‘zgarishlar qilayapti… Xodimga baho berish uchun shunday mezonlar bor. Masalan, biror-bir viloyat hokimi, prognoz ko‘rsatkichlarini bajaryaptimi? Bajaryapti. Soliqlar tushumini byudjetga o‘z vaqtida bajaryaptimi? Bajaryapti. Halq bilan uchrashyaptimi? Uchrashyapti. Odamlarni masalan muammosini hal qilib beryaptimi? Hal qilib beryapti. Qurilish yoki biror-bir investitsion loyihalarini a’lo darajada bajaryaptimi? Ha, bajaryapti. Lekin shunga yarasha o‘zini xodimlari bilan so‘kib, urishayotgan bir paytidagi gapi chiqib ketib, keyin odamlar buni ishdan olib tashlagin deyapti desa».

«Masalan meni dadam ham oilada o‘tirganimizda jahllari chiqsa koyishlari mumkin, so‘kinish holatlari bo‘lishi mumkin. Bu oiladagi ichki narsa. Har xil holat bo‘ladi. Lekin o‘sha payt agar men shuni diktofonga yozib olib chiqarib yuborsam, butun jamiyatda u kishi haqidagi fikr o‘zgaradi-qo‘yadi, keyin o‘zimizni oqlay olmaymiz. Bu ham xuddi shunaqa narsa», — deydi Komil Allamjonov.

Bunday paytda viloyat hokimlari nima qilishi mumkinligi to‘g‘rida gapirib, Allamjonov hokimlarning matbuot kotibi piar-strategiyasiya bo‘yicha to‘g‘ri ish tashkil qilishi kerak degan fikrni bildirdi.

«Lekin bunday tajribasi bo‘lmagan hokimlarimiz qiyin ahvolda qolishyapti. Ular bu jarayon bilan kurashish o‘rniga, jurnalistlar bilan kurashishyapti. Bu noto‘g‘ri. Keyin bitta muammo ikkinchi, uchinchi muammolarni keltirib chiqarishiga sabab bo‘lyapti. Prezident bunday masalalarga arqonni uzun tashlab, keng qarayaptilar. Boshqacha tarbiyalashning yo‘li yo‘q. Formulasi, retsepti juda oddiy: matbuotga o‘z vaqtida ma’lumotni berish kerak, matbuot qo‘ygan savolga vaqtida javob berish kerak, matbuot ko‘tarayotgan xalq dardini eshitib, o‘sha qilinayotgan xatoni to‘g‘irlash kerak vaqtida va uni hisobotini berib qo‘yish kerak. Bo‘ldi, shu, bizni hoxishimiz».

«Lekin shu muammoni hal qilish o‘rniga jurnalistni quvlab ketib qolishyapti. Jurnalist ketaveradi, lekin muammo qolib ketyapti, xalq ko‘ryapti. Ertaga bu bo‘lmasa boshqasi telefoniga yozib olib chiqarib yuboradi. Hamma blogger. O‘zbekistonda 19 mlndan oshiq Telegram foydalanuvchilari bor. Bu yarim davlatdan ko‘pi. 60% dan ko‘prog‘i yoshlar. Hammani qo‘lida yeyishga noni yoki uyida televizori bo‘lmasligi mumkin, lekin qo‘lida telefon bor. Internet bor, telegram bor. Mana sizga 19 mln ta jurnalist va bloggerlar. Har birida blogger bo‘lish vakolati bor. Unga hech kim to‘sqinlik qila olmaydi», — deydi Komil Allamjonov.

U oddiy ishni og‘irlashtirmaslikka chaqirib: «Agarda mana bunaqa imkoniyatlarimiz kichkina va muammolarimiz katta bo‘lsa buni ham ochiq-oydin aytishimiz kerak. Umid bag‘ishlash kerak emas. Odamlarga aytish kerak, kechirasizlar, hozir biz bu ishni qila olmaymiz, mana bizni cho‘ntagimizdagi pulimiz, mana bu imkoniyatimiz. Lekin oradan mana shunaqa vaqt o‘tgandan keyin, buni rejaga kiritdik, buni bajaramiz. Odamlar tushunmaydimi?», — deya ta’kidladi.

«Eng yomoni — yolg‘on va’da berish. Yolg‘on va’da berma, samimiy bo‘l, cho‘ntagingdagi pulni ochiqchasiga ko‘rsat. Shunda sen uni samarali ishlatasan, kerakli joyga ishlatasan… Va keyin yana bitta katta asosiy masala borki, xo‘p, u keyinroq bo‘lsayam hozir nima qilishingni aytib qo‘y. Va o‘sha qilayotgan ishingni odamlar ko‘rsin. Bo‘ldi, juda oson», — dedi mass-mediani qo‘llab-quvvatlash fondi Vasiylik kengashi raisi.

«Lekin shu narsani qilishmaydi, hoxlashmaydi, kibrga berilganlari juda ko‘p. Va mana shunaqa qilib, o‘chakishib, matbuotni bo‘g‘amiz, buni oldirib tashla, buni yop… Iloji yo‘q! Biz bu bilan ularni o‘zimizga dushman qilib qo‘yamiz», — deya xulosa qildi Komil Allamjonov.