Prezident Namangan shahrida viloyat va tumanlar hokimlari, soha va tarmoqlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari, tadbirkorlar va yoshlar bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident joylarda o‘zgarishlar, yutuqlar bo‘layotganini, lekin bular hali rejalashtirilgan marralarga mos emasligini ta’kidlagan.

“To‘g‘ri gapni gapirgan odam — islohotlarga xayrixoh. Achchiq gaplardan to‘g‘ri xulosalar chiqarib yo‘limizni topib olishga harakat qilsak, eng katta marramiz shu bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda eskicha tushunchada qolib ketgan rahbarlar yo‘q emasligi qayd etildi. Pandemiya sharoitida yuzaga kelgan inqiroz paytida iqtisodiyotni tiklash juda og‘ir masala ekani, bu joylardagi ijro organlari mutasaddilaridan katta mas’uliyat talab qilishi ta’kidlandi.

Namangan viloyatini rivojlantirish bo‘yicha eng maqbul yo‘lni topib, iqtisodiyotni yurgizish, ish o‘rinlari yaratib, aholining bandligini ta’minlash eng katta masala bo‘lib qolayotgani aytib o‘tildi.

Uchrashuvda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, soha va tarmoqlarda yangi loyihalarni amalga oshirish, investitsiyalarni jalb qilish, kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan vazifalar belgilandi.