Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekistonda Volkswagen yengil tijoriy avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Qarorga ko‘ra, loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston 24 telekanalining xabar qilishicha, birinchi bosqichda — 2020−2021 yillarda Volkswagen va Škoda avtomobillarini tayyor holda olib kirish rejalashtirilgan. Farg‘ona, Toshkent va Jizzaxda dillerlik va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari ishga tushiriladi.

Volkswagen Caddy rusumli avtomobillar savdosini esa iyul oyidan boshlash rejalashtirilmoqda.

Hujjatda 2021 yil noyabrgacha loyihaning ikkinchi bosqichiga o‘tish to‘g‘risida investitsiya shartnomasini ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va tuzish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ikkinchi bosqichga ko‘ra, 2022 yildan boshlab to‘liq ishlab chiqarish sikli tashkil qilinadi va investitsiyalar hajmi, avtomobil eksporti masalalari ham hal qilinadi.

Qaror doirasida O‘zbekistonda 40 dan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalari tashkil etiladi, ularda Yevro-5 стандартидаgi benzin va dizel yoqilg‘isi sotiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Volkswagen O‘zbekistonda yengil tijoriy avtomobillarni ishlab chiqarishi mumkinligi va birinchi bo‘lib Volkswagen Caddy modeli savdosi shu yildan boshlanishi rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edik.