O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya poytaxti Moskvada bo‘lib o‘tgan G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanada ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, mazkur tadbirda mustaqil O‘zbekiston prezidenti hamda mamlakat harbiylari ilk bor ishtirok etdi.

Bo‘lib o‘tgan paradda 13 ta davlatdan 225 ta harbiy texnika, 14 ming askar va ofitser qatnashdi. Shuningdek, osmondan 55 samolyot va 20 ta vertolyot uchib o‘tdi.

“Pandemiya butun dunyoga o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgan hozirgi og‘ir sharoitda davlatimiz rahbarining bunday tadbirda ishtirok etishining o‘zi ajdodlarga xos qahramonlik ifodasidir. Ekspertlar fikriga qaraganda, mustaqil O‘zbekiston Prezidentining ilk bor qatnashishi paradning nufuzini sezilarli darajada oshiradi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tilganidek, bu yil Rossiya poytaxti Moskva shahrida G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir 9 may kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Ammo koronavirus pandemiyasi sababli uni tashkillashtirish keyingi muddatlarga surildi. 1945 yilda G‘alabaning birinchi markaziy paradi 24 iyun sanasida o‘tkazilgani bois joriy yil ham bunday tantana uchun aynan shu kun tanlandi.

Paraddan keyin, Shavkat Mirziyoyev Moskva shahrining Aleksandr bog‘idagi “Noma'lum askar” yodgorligiga gul qo‘ydi.

Foto