Qashqadaryoda yuk ko‘taruvchi konstruksiyalar qulashi oqibatida bir ishchi-xodim vafot etdi, deya xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligining matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 23 iyun kuni soat 21:30da Qarshi shahri, I.Karimov ko‘chasi «Nasaf Travel» mehmonxonasi binosining chap tomonidan qo‘shimcha qurilayotgan 5 qavatli binoning yuk ko‘taruvchi temir-beton konstruksiyalari qulab tushgan. Buning oqibatida, 1 nafar ishchi-xodim voqea joyida vafot etgan.

Mazkur vaziyat yuzasidan, hodisa joyiga Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Mudofaa, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy Gvardiya va Prokuratura organlarining hududiy boshqarmalari shuningdek, Favqulodda vaziyatlarda ularni oldini olish va harakat qilish davlat quyi tizimining kuch va vositalari yetib borishgan.

«Ayni vaqtda, holatning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda», — deyiladi vazirlikning xabarida.

«Novosti Kashkadari» gazetasi xabar berishicha, ushbu voqea yuz berganda qutqaruvchilar zudlik bilan atrofni o‘rab olishdi va ertalabgacha vayronalar ostida odamlarni qidirishdi. Ular to‘rt nafar fuqaroni qutqarishga muvaffaq bo‘lishdi. Qutqarilganlar deyarli jabrlanmagan va yengil jarohatlar bilan qutulishgani ma’lum qilinadi.

24 iyun kuni soat 5:20da qutqaruvchilar vayronalar ostidan 37 yoshli erkak kishining jasadini topishdi. Ma’lum qilinishicha, marhum Qarshiga tirikchilik qilish niyatida Surxondaryo viloyati Boysun tumanida yashovchi fuqaro bo‘lgan.

Qutqaruv ishlari allaqachon tugagan, ammo binoning qulashi xavfi borligi sababdi hudud hanuzgacha qurshab olinga, deb yozadi gazeta.

Hozirda voqea joyida qurilish inspektorlari ishlamoqda.

Ma’lumot uchun, Nasaf Travel mehmonxonasiga tegishli ushbu binoning qurilishi o‘tgan yilning fevral oyida boshlangan. 2021 yil sentabr oyida u ishga tushirilishi rejalashtirilgan edi. Hozirgi mehmonxona binosi vaqtincha yopiq.