Serbiyalik tennischi, jahonning birinchi raketkasi Novak Jokovich va uning rafiqasi Yelena Ristich koronavirus infeksiyasini yuqtirib olishdi. Bu haqda sport sharhlovchisi Xose Morgado tvitter tarmog‘iga yuklagan Jokovichning bayonotida ma’lum bo‘ldi.

Jokovich va uning rafiqasining koronavirus uchun topshirgan testi ijobiy chiqqan bo‘lsada, juftlikning ikkita farzandida infeksiya aniqlanmagan. Bayonotda xabar berilishcha, Jokovichda xech qanday alomatlar kuzatilmagan. Keyingi 14 kunni u izolyatsiyada o‘tkazadi.

So‘nggi kunlarda Jokovichni Xorvatiyada o‘zi uyushtirgan Adria Tour tennis musobaqasi sabab tanqid qilishayotgan edi. Final bosqichidan oldin tennischi Grigor Dimitrovda koronavirus aniqlangani sabab musobaqa to‘xtatilgan edi. The New York Times ning ta’kidlashicha, ishtirokchilar musobaqada ko‘plab muhlislar oldida qatnashishgan, shuningdek, bir-biri bilan kuchoq ochib ko‘rishishgan va birga bazm uyushtirishgan. Jokovich Adria Tour ning koronavirus aniqlangan to‘rtinchi ishtirokchisiga aylandi, deya xabar beradi Sky News.

Ma’lumot uchun, Adria Tour musobaqasida asli o‘zbekistonlik bo‘lgan pianino ustasi Lola Astanova ham ishtirok etib, musiqaviy chiqish qilgan edi.