O‘zbekiston prezidenti «Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Farmonga asosan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, uning «Yo‘l xaritasi» hamda BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari hamda shartnomaviy qo‘mitalari xabarnomalari va qarorlarini ko‘rib chiqish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, quyidagilar O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalar normalarini bajarish yuzasidan mas’ul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • xalqaro tashkilotlarning inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tavsiyalarini amalga oshirishga qaratilgan milliy harakat rejalari («yo‘l xaritalari»)ning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash;
  • qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining tavsiyalarini bajarishga to‘sqinlik qilayotgan sabab va sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish hamda bartaraf etish;
  • O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini bajarish sohasida O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi va fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlikni amalga oshirish.

Milliy strategiyada 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishida parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga muvofiqlashtirish belgilangan.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro reytinglar va indekslar bo‘yicha dunyodagi 50 ta yetakchi mamlakatlar qatoriga киришини ta’minlash ustuvor vazifalardan biri etib ko‘rsatilgan.

Strategiyaning Yo‘l xaritasiga ko‘ra, O‘zbekistonda bir qator sohalarning kodeks loyihalarini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Bular — Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeks, Tadbirkorlik kodeksi, Sog‘liqni saqlash kodeksi va Ekologiya kodeksi.

Shuningdek, mamlakat qonunchiligida mavjud bo‘lmagan yoki yangi tahrirda ishlab chiqishi vaqt taqozo etgan quyidagi qonunlarni ishlab chiqilishi kutilmoqda:

  • «Favqulodda holat to‘g‘risida»;
  • «O‘zbekiston Respublikasida ommaviy tadbirlar to‘g‘risida»;
  • «Advokatura va advokatlik faoliyati to‘g‘risida»;
  • «Teng muomala qilish va kamsitmaslik to‘g‘risida»;
  • «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahriri;
  • «O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomi to‘g‘risida»;
  • «Bepul yuridik yordam to‘g‘risida"gi qonun loyihasi;
  • «Xususiylashtirish to‘g‘risida»;
  • «Ijtimoiy tadbirkorlik asoslari to‘g‘risida»;
  • «Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida»;
  • «Mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»;
  • «Ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risida»;
  • «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi to‘g‘risida"gi qonunlar.

Bundan tashqari, farmonga muvofiq, Oliy Majlisda Inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo‘yicha parlament комиссиясини tuzilishi hamda vazirlik va idoralar rahbarlarining Milliy strategiya va «Yo‘l xaritasi»ning ijro holati yuzasidan axborotini har chorakda eshitish va tanqidiy muhokama qilinishi belgilangan.

Xuddi shu tartibda, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlariga vazirlik va idoralar hududiy bo‘linmalari rahbarlarining Milliy strategiya va «Yo‘l xaritasi»ning hududlar kesimida ijro etilishi yuzasidan axborotini har chorakda eshitish va tanqidiy muhokama qilish farmonda tavsiya etilgan.

Shu bilan birga, mazkur hujjat bilan inson huquqlarini himoya qilish va inson huquqlari madaniyatini oshirishda ko‘rsatgan xizmatlari uchun har yili Xalqaro inson huquqlari kunida (10 dekabr) topshiriladigan «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishonini ta’sis etilishi ko‘zda tutilgan.

Hujjatda har ikki yilda yuqori saviyada hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy davlatlar mutaxassislari va faxriy mehmonlar ishtirokida Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.