Avval xabar qilinganidek, 2019 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 2018 yilga nisbatan 22 foizga kamaygan, biroq chaqaloqlar savdosi 38 foizdan 43 foizga oshgan. Senat raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva mazkur jinoyatlarga oid boshqa ma’lumotlarni ham oshkor qildi.

Qayd etilishicha, 2019 yilda Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida 5 tadan, Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida va Toshkent shahrida 4 tadan, Samarqand, Farg‘ona, Namangan, Andijon, Navoiy viloyatlarida 3 tadan chaqaloq savdosiga oid jinoyat sodir etilgan.

Mazkur yo‘nalishdagi jinoyatlar 72 kishi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, ularning 62 nafari (86 foizi) — ayollardir.

«Chaqaloqni sotish sabablari o‘rganilganda, 19 ta holatda oilaviy sharoitning og‘irligi, bolani boqishga imkon yo‘qligi, 3 ta holatda uy-joy olish, 9 ta holatda o‘z aybini yashirish va 10 ta holatda moddiy manfaaat uchun uchun bunga qo‘l urilgani ma’lum bo‘lmoqda», — dedi u.

Tanzila Narbayeva chaqaloqlar savdosida vositachilarning uchdan ikki qismi (32 foiz) tibbiyot xodimlari ekanini ta’kidladi.

«Odam savdosida faqatgina ayollar yoki bir kishi aybdor emas. Unga sharoit yaratib berayotgan, shu narsaga undayotgan muhit ham borligi ma’lum. Bunday holat o‘zbek jamiyati uchun mutlaqo xos emas. Shuning uchun yuu masalaga boshqacha yondashishimiz kerak», — dedi Senat rahbari.

Senator O‘zbekistonda avval ham odam savdosi holatlari bo‘lgani, biroq mavzu yopiqligi bois bu haqda ma’lum qilinmaganini ta’kidlab o‘tdi.