Daryo.uz Andijon IIO FMB 4-son IIBda qiynoqqa olinishini natijasida vafot etgan 44 yoshli Alijon Abdukarimovning singlisi Maxfirat Ibragimova bilan intervyuni e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, Alijon Abdukarimov 30 may kuni qimmatbaho toshni olib qaytarib bermagani to‘g‘risidagi shikoyatni ko‘rib chiqish doirasida IIBga olib ketilgan edi. Shu kuni u tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. 11 iyun kuni u vafot etgan. Bosh prokuratura marhumning noqonuniy ravishda ushlab turilgani hamda hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli qiynoqlar qo‘llanilganini xabar qildi. Qiynoq qo‘llash, noqonuniy ushlab turish va xizmat vakolatini suiiste’mol qilishda ayblangan uch xodim qamoqqa olingan.

Hodisa jamoatchilikning qizg‘in muhokamalariga va e’tirozlariga sabab bo‘ldi. IIO xodimlarining xatti-harakatlari Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi hamda siyosiy partiyalar tomonidan muhokama qilindi. Ombudsman Ulug‘bek Muhammadiyev hodisani “uyat” deb atab, yagona tergov organini tashkil etish va IIVni tubdan isloh qilish kerakligini ta’kidladi. “Yuksalish” Umummilliy harakati ham huquqni muhofaza qilish organlari tizimi tub islohotlarga muhtoj ekanligini ma’lum qildi.

Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev bo‘lib o‘tgan hodisalar IIV rahbariyati iste’foga chiqish vaqti bo‘lganini yozdi. Boshqa bir deputat Qodir Jo‘rayev esa IIV rahbariyati marhumning oilasidan kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi.

Besh yil avvalgi qimmatbaho tosh mojarosi

Tarmoqlarda fuqaro Alijon Abdukarimov vafotiga qimmatbaho tosh mojarosi sabab bo‘lganligiga oid turli xabarlar tarqalmoqda. Mahfirat Ibragimova Daryo.uz muxbiri Mirolim Isajonovga ushbu gap-so‘zlarni tasdiqlar ekan, mojaro tarixi besh yil oldingi voqealarga bog‘lanishini bildirdi.

“2015 yilning bahorida akamning A. ismli tanishi: ‘Alijon, menda qimmatbaho tosh bor. Uni sotish kerak. Xaridor topishda yordam bersangiz, sizga ham foydam tegadi', deya taklif bildirgan. Akam savdogarlik bilan shug‘ullangani uchun, H. ismli zargar yigit va A.ni uchrashtirib, tanishtirib qo‘yadi. Keyin ularning munosabatlariga aralashmaydi.

H. toshni A.dan olib, sotish uchun Xitoyga boradi. Lekin tosh ular o‘ylagan narxga baholanmaydi. H. toshni sotolmay ortiga qaytgach, A.dan Xitoyga borib-kelish xarajatlarini qoplashni, shundan so‘ng toshni qaytarib berishini aytadi. Bundan g‘azablangan A. akam bilan urishgani keladi. Akam: “Men sizlarni ko‘rishtirib qo‘yganman xolos, o‘rtalaringizda qanday gap-so‘z bo‘lganini bilmayman, o‘zingiz kelishib oling”, deydi. Oradan besh-olti oy o‘tib, A. uyimizga keldi va janjal ko‘tardi. Biz oilaviy unga qarshilik ko‘rsatdik va u xonadonimizni tark etdi. Shu bo‘yi biznikiga ham qaytib kelmadi, akamni ham bezovta qilmadi.

Besh yildan so‘ng qimmatbaho tosh mojarosi yana boshlandi. Akamni 2020 yil boshidan beri bir necha marta, hatto Ramazon oyida ham Andijon shahar IIO FMB 4-sonli ichki ishlar bo‘limiga chaqirishdi. Kelin ikkimiz akamdan nega ichki ishlar idorasiga borayotganini so‘rasak, “A.ning o‘sha toshini H.dan men olib berishim kerak ekan. Tergov paytida bor gapni aytyapman. A. ham shuncha yil ichida H.ga harajat pullarini bo‘lib-bo‘lib qaytarganida, shu vaqtgacha tosh ham o‘zida bo‘lardi”, degandi.

Nazarimda, 4-sonli IIB boshlig‘i P.Mamajonov va A. til biriktirib, H.ning xarajatini akamning bo‘yniga qo‘ymoqchi bo‘lgan. Akam tergovga bir necha bor A’zam aka degan tanishi bilan birga borgan. U odam ichki ishlar sohasida ishlab, nafaqaga chiqqan, juda yaxshi inson", — dedi Mahfirat Ibragimova.

“Og‘zidan ko‘pik oqib, boshi yorilgan edi”

Ibragimovaning ta’kidlashicha, Alijon Abdukarimov 4-sonli IIBdagi so‘roqqa har safar o‘zi borib kelgan. Biroq 29 may oqshomidagi kutilmagan voqea Abdukarimovning yaqinlarida turli shubha va savollarni uyg‘otgan.

“29 may kuni tungi soat 21:30 lar chamasi darvozamiz taqilladi. Biz o‘sha paytda ayvondagi so‘rida oilaviy gaplashib o‘tirgandik. Akam darvozani ochgach, baqir-chaqir bo‘ldi. Darvozaxonaga borsam, uch-to‘rt nafar fuqaro kiyimidagi erkak kishi akamning qo‘liga kishan taqayotgan ekan. Kelinimiz ikkimiz nima bo‘layotganiga tushunmay, hovlimizga bostirib kirganlar qo‘lidan akamni qutqarishga harakat qildik. Shu payt ulardan biri homilador kelinni turtib yubordi va xunuk so‘zlar aytib so‘kdi.

Notanish odamlar akamning “Oyog‘imga tapochkamni kiyib, niqobimni taqib olay”, deyishiga ham qaramay, oyoq-qo‘lidan ko‘tarib, majburlab davlat raqami yozilmagan oq rangdagi Nexia-3 mashinasiga solishdi. Ulardan kim ekanligi va hujjatlarini talab qildik. Ammo bizga hech qanday qog‘oz ko‘rsatmay, akamni Andijon shahar IIO FMBga olib ketishayotganini aytishdi. Kechasi bo‘lgani uchun birortasining ham yuzini yaxshi eslab qololmadik.

Shundan so‘ng opa va akalarimga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntirdim. Ular tezda yetib kelishdi. Akamni qidirib dastlab Andijon shahar IIO FMBga bordik. U yerda akamning yo‘qligini eshitgach, Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB binosi tomon yo‘l oldik. Borgan paytimiz ko‘chada o‘sha davlat raqami yo‘q bo‘lgan oq rangli Nexia-3 mashinasiga ko‘zim tushdi. Bino oldida turgan fuqarolar bilan gaplashsak, ular ikki erkak ichkariga olib kirib ketilganini aytishdi. Bo‘lim navbatchilari akamning ichkarida ekanligini tasdiqlab, so‘roq tugagach, 15 daqiqada chiqishini aytishdi. O‘sha tunni bino oldida akamning chiqishini kutish bilan o‘tkazdik.

Tong soat 4:00 da binodan Qamariddin ismli IIB xodimi bir fuqaro bilan chiqdi. Bilsak, u H. bo‘lib, akam ikkisi tergovga chaqirilgan ekan. Biz Qamariddindan akam haqida so‘raganimizda, “Alijon uxlab qoldi, tergov qilishga ulgurmadik. Uyg‘onganida savollarimizga javob olib, qo‘yib yuboramiz”, dedi. Shu tariqa akamning chiqishini uch soat kutdik.

Soat 7:30 da bino darvozasi oldiga tez tibbiy yordam mashinasi kelib to‘xtadi. Yaqinlarim bilan hayron bo‘lib, bino ichiga kirdik. Xodimlar nonushta qilishayotgan shekilli, hech kim yo‘q ekan va vaqtdan foydalanib, xonalar eshiklarini ochib, akamni izlashga kirishdik. Opam, akam, jiyanlarim bilan ikkinchi xonaga kirsak, Alijon akam hushsiz yotibdi. Og‘zidan oq ko‘pik oqib, boshi yorilgan, badani qonga belangan ekan. Shifokor nimanidir hidlatib, yordam ko‘rsatishga urinardi.

3-xonadan besh-olti nafar IIB xodimlari chiqib, bizni tashqariga haydashga harakat qilishdi. Lekin bir amallab, yana akamning oldiga kirib, uni tez tibbiy yordam mashinasida Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam Andijon filialiga olib bordik. Ahvoli juda og‘ir edi. O‘sha kuni — 30 may sanasida vrachlar birinchi operatsiyani qilishdi. Akam 10 kun reanimatsiyada yotdi. Lekin ko‘zini ochmadi, o‘zgarish kuzatilmadi. 10 iyun kuni ikkinchi operatsiya amalga oshirildi. Biroq 11 iyun kuni omonatini topshirdi", — deydi marhumning singlisi ko‘zda yosh bilan.

“Navbatdagi zurriyodini ko‘rish nasib qilmadi”

Suhbat davomida Ibragimova qimmatbaho tosh mojarosi ishtirokchilariga ham huquq tartibot organlari tomonidan qonuniy chora ko‘rilishini ta’kidladi.

“Oilamiz oddiy, yashash tarzimiz ham shunday. Alijon akam 11 farzandning sakkizinchisi edi. Ishlab chiqarish korxonasidan trikotaj kiyim-kechaklarni olib, bozorda sotardi. Xotini shu kunlarda ikkinchi farzandini dunyoga keltirish arafasida. Afsus, akamga navbatdagi zurriyodini ko‘rish nasib qilmadi. Uning 44 yoshida ayanchli vafot etishi albatta, achinarli.

Xudo shohid, sizga barcha voqeani ochiq aytdim. Balki H. qimmatbaho toshni akamda ekanligini ta’kidab, unga tuhmat qilayotgandir. Lekin tosh akamda bo‘lganida, mojaroga besh yil oldin nuqta qo‘ygan bo‘lardi.

Opa va akalarim, jiyanlarim g‘azab, alam ustida turibdi. Hukumatimiz aybdorlarga munosib chora ko‘rishiga ishonib, yaqinlarimni bosiq bo‘lishlariga ko‘ndiryapman. Tosh mojarosi ishtirokchilari va akamning ustidan ariza yozgan A. hamda H.ni qayta xolis tergov qilib, chora ko‘rishlarini, Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB boshlig‘i P.Mamajonovga qattiq jazo berilishini so‘rayman", — dedi Mahfirat Ibragimova.