18 iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi xalqaro hamkorlik bo‘yicha “COVID-19 ga qarshi kurashda birdamlik” mavzusidagi yuqori darajali videokonferensiyada ishtirok etadi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Tadbir chog‘ida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashda ko‘p tomonlama hamkorlik, savdo-iqtisodiy aloqalarni qayta tiklashdagi xalqaro sherikchilik, COVID-19 sharoitida qo‘shma loyihalarni ro‘yobga chiqarish va amaliy hamkorlikning boshqa jihatlarini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

“Bir makon, bir yo‘l” konsepsiyasi — Xitoy tomonidan ilgari surilgan tashabbus bo‘lib, qadimgi ipak yo‘li o‘rnida joylashgan davlatlar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, Markaziy Osiyo, Yevropa va Afrikadagi 60 dan ziyod davlatlarni bog‘lovchi yangi savdo-transport yo‘laklarini yaratish va mavjudlarini takomillashtirishga qaratilgan. U 2013 yilda Xitoy rahbari Si Szinpinning Qozog‘iston va Indoneziyaga tashriflari vaqtida ilk bor ilgari surilgan.