1 aprel holatiga, O‘zbekiston hukumati nomidan va davlat kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 18,2 mlrd AQSH dollari ekvivalentini yoki yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 31,3 foizni tashkil etdi. Bu haqda Moliya vazirligi 2020 yilning I choragi bo‘yicha mamlakatning Davlat qarzi holati va dinamikasi bo‘yicha sharhida ma’lum qildi.

Xususan, I chorakda davlat tashqi qarzi 0,5 mlrd AQSH dollariga yoki yil boshiga nisbatan 2,9 foizga oshib, 1 aprel holatiga 16,11 mlrd AQSH dollariга yoki YAIMga nisbatan 27,7 foizga yetdi. Bunda, hukumat nomidan jalb qilingan tashqi qarz — 10,9 mlrd va Hukumat kafolatlagan tashqi qarz — 5,2 mlrd AQSH dollari tengligi ma’lum qilindi.

Davlat ichki qarzi esa 20,01 trln so‘mni (2,1 mlrd AQSH dollari) yoki YAIMga nisbatan 3,6 foizni tashkil etdi. Shundan hukumat nomidan jalb qilingan ichki qarz — 1,7 trln so‘m (0,2 mlrd AQSH dollari) va hukumat kafolatlagan ichki qarz — 18,3 trln so‘m (1,9 mlrd AQSH dollari).


Manba: Moliya vazirligi

Moliya vazirligining izohlashicha, davlat qarzining so‘ngi yillardagi o‘sishi dinamikasiga qaramay, xalqaro me’yorlarga ko‘ra O‘zbekiston davlat qarzi (YAIMga nisbatan 31,3 foiz), shu jumladan davlat tashqi qarzi (YAIMga nisbatan 27,7 foiz) mo‘'tadil darajada saqlanib qolmoqda.

Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasining Qarz barqarorligi tahliliga ko‘ra, o‘zining iqtisodiy salohiyati bo‘yicha O‘zbekistonning davlat qarziga xizmat ko‘rsatish salohiyati kuchli hisoblanadi va ushbu mamlakatlarda davlat tashqi qarzi uchun me’yor Yalpi ichki mahsulotning 50% gacha tashkil etishi mumkin. Shuningdek, mamlakatning qarzni to‘lay olish salohiyatining umumiy indikativ ko‘rsatkichi (SI) 3,1 birlikdan 3,2 birlikka ko‘tarildi.


Manba: Moliya vazirligi

Davlat qarzining o‘sishini shakllantiruvchi asosiy omillar

Sharhda ta’kidlanishicha, 2020 yil birinchi choragida davlat qarzi qoldig‘ining o‘sishini shakllantiruvchi asosiy omillar quyidagilar hisoblanadi:

  • O‘zbekiston hukumati nomidan imzolangan tashqi qarz bitimlari doirasida o‘zlashtirilgan mablag‘lar qoldig‘i 200 mln AQSH dollariga,
  • Davlat kafolati ostida imzolangan tashqi qarz bitimlari doirasida o‘zlashtirilgan mablag‘lar qoldig‘i 400 mln AQSH dollariga;
  • 700 mlrd so‘m miqdorida davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarilishi hamda 250 mlrd so‘mga teng ichki qarzdorlik so‘ndirilishi natijasida davlat qimmatli qog‘ozlari qoldig‘i 450 mlrd so‘mga oshdi.

Manba: Moliya vazirligi

Davlat qarzining tarkibi

Vazirlikning ta’kidlashicha, davlat tashqi qarzi, asosan infratuzilma, sanaot va qishloq ho‘jaligi loyihalariga yo‘naltirilmoqda.

Xususan, 2020 yilning yanvar-mart oylari yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining 30 foizi yoki 4,8 mlrd AQSH dollari energetika sohasiga, 13 foizi yoki 2,1 mlrd AQSH dollari transport va transport infratuzilmasiga, 11 foizi yoki 1,8 mlrd AQSH dollari suv ta’minoti, kanalizatsiya va boshqa uy-joy kommunal infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Manba: Moliya vazirligi

Davlat korxonalari yirik investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy sarmoyalar jalb etgan holatlarda xalqaro investorlar yoki xalqaro moliya tashkilotlari o‘z sarmoyalarining xavfsizligi ta’minlash maqsadida davlat kafolatini talab etadilar.

Xususan, 2020 yilda berilgan davlat kafolatlari “To‘palang” GESni modernizatsiya qilish (34,2 mln yevro), “Quyi chotqol” GESni qurilishi (38,8 mln yevro), Darg‘om kanalida Bog‘ishamol 2-kichik GES qurilishi (28,3 mln yevro), davlat tashqi qarz bitimlardan Namangan shahri, Namangan viloyatining Zarkent va Xodikent tumanlarining suv ta’minoti va oqava suv tizimlarini modernizatsiyalash loyihasi (53,4 mln AQSH dollari)ni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan.


Manba: Moliya vazirligi

Umuman olganda, bugungi kunda davlat tashqi qarzi qoldig‘ining 70 foizi yoki 11,2 mlrd AQSH dollari davlat byudjeti hisobidan emas balki, investitsion loyihalarga jalb qilingan mablag‘larni tashkil etib, ushbu qarzdorlik loyihalarni amalga oshirishdan tushgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi. Mazkur kreditlarning katta qismi uzoq muddat hamda imtiyozli foiz stavkalarida taqdim etilgan.


Manba: Moliya vazirligi

Moliya vazirligi sharhida ta’kidlashicha, O‘zbekiston hukumati xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan qarz mablag‘larini jalb qilishda konservativ yondashuvga va xatarlarni boshqarish tamoyillariga amal qiladi.

O‘zbekiston Davlat tashqi qarzi portfeli valyuta tarkibining 67,1 foizi — AQSH dollari, 12,5 foizi — yapon iyenasi, 9,7 foizi — SDR (maxsus qarz olish huquqlari), 6,6 foizi — yevro, 4,0 foizi — boshqa valyutalardagi tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.


Manba: Moliya vazirligi

Davlat qarzini samarali boshqarish choralari

Moliya vazirligi Davlat tashqi qarzining Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan hamkorlikda 2020−2022 yillar uchun “O‘zbekiston Respublikasining davlat qarzini boshqarish strategiyasi” ishlab chiqildi. Mazkur strategiya har yili respublikaning makroiqtisodiy rivojlanishi hamda davlat byudjeti parametrlaridan kelib chiqib qayta ko‘rilishi nazarda tutilgan.

Ko‘p ssenariyli prognozdan kelib chiqib amalga oshirilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston davlat qarzining makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajasi YAIMga nisbatan 50 foizni tashkil etmoqda.

Davlat qarzining xavfsiz darajasidan kelib chiqib O‘zbekiston hukumati nomidan va uning kafolati ostida imzolanadigan tashqi qarz bitimlarining yillik eng yuqori miqdori (4 mlrd dollar) aniqlandi va 2020 yil uchun O‘zbekistonning “Davlat byudjeti to‘g‘risida” gi Qonuni bilan tasdiqlandi.

Strategiya doirasida davlat qarzini diversifikatsiyalash maqsadida davlat byudjeti defitsitini, avvalo, davlat qimmatli qog‘ozlarini ichki bozorda joylashtirish orqali qoplashga harakat qilinmoqda.

Xususan, ichki bozorda joylashtirilgan davlat qimmatli qog‘ozlari 2018 yildagi qariyb 600 mlrd so‘mdan 2019 yilda 1,6 trln so‘mgacha oshdi. 2020 yil boshidan esa 700 mlrd so‘mga teng davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarildi. Davlat byudjetini defitsitini imkon qadar ichki qarz hisobidan qoplash maqsadida Moliya vazirligi AQSH G‘aznachiligi va Osiyo taraqqiyot bankining mutaxassislari bilan birgalikda mamlakatda ichki kapital bozorni rivojlantirish ustida ish olib borilmoqda.

“Auksion natijalari milliy valyutadagi minimal riskga ega bo‘lgan moliyaviy instrumentlarga nisbatan yuqori talab saqlanib qolayotganini aks ettirib, moliya bozori ishtirokchilari tomonidan davlat qimmatli qog‘ozlari yuqori likvidli va ishonchli investitsiya instrumenti sifatida qaralayotganini ko‘rsatadi”, — deyiladi sharhda.

Vazirlik davlat qarzini jalb qilish va ishlatilishi bo‘yicha shaffoflikni ta’minlash choralari ko‘rilayotganini ham ta’kidlagan. Xususan, davlat qarzi hisobidan moliyalashtirilgan va yakunlangan barcha loyihalar majburiy tartibda Hisob palatasi tomonidan auditdan o‘tkaziladi, OAV va Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida muhokama qilinishi belgilangan.

Shu bilan birga, davlat qarzini samarali boshqarish maqsadida investitsion loyihalarni moliyalashtirishga davlat korxonalarining mustaqil ravishda investitsiyalar jalb qilish salohiyatini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan mana shu vazifani amalga oshirish uchun 2018 yilda suveren xalqaro kredit reyting olingan hamda ilk marotaba suveren xalqaro obligatsiyalar chiqarilib benchmark yaratildi.

Buning natijasida, mamlakatda faoliyat yuritayotgan davlat korxonalari va banklari mustaqil ravishda xalqaro moliya bozorlariga chiqish uchun imkoniyat yaratilgan. 2019 yilning noyabr oyida O‘zbekiston sanoat-qurilish banki ilk marotaba o‘z xalqaro obligatsiyalarini xalqaro moliya bozorlarida joylashtirdi.

Xususan, bugungi kunda ikkilamchi bozorda O‘zbekistonning 5 va 10 yillik suveren xalqaro obligatsiyalarining narxlari mos ravishda o‘z nominal qiymatiga nisbatan 106−107% va 110−111% darajasida saqlanib qolmoqda.


Manba: Moliya vazirligi

Eslatib o‘tamiz, avvalroq S&P kredit reytingi nimani anglatishi va u qanday maqsadlarda ishlatilishi haqida tahliliy maqaola berilgandi.

Shuningdek, Moliya vazirligi 2020 yil I chorak yakunlari bo‘yicha Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risida axborot tahliliy sharhni taqdim etgandi.