Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz Andijonda sodir bo‘lgan holatni qat’iy qoralaydi, deya markazning matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, 30 may kuni Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-sonli ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan, ish yurituvidagi ariza yuzasidan ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan fuqaro A. Abdukarimov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgani va vrachlar tomonidan ko‘zdan kechirish davomida uning badanida og‘ir tan jarohatlari mavjudligi aniqlangani, unga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan, 11 iyun kuni vafot etgan.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz ushbu holatni qat’iy qoralashi haqida ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, ushbu fojiali holat haqida OAV va Internetda xabar tarqalgani zahoti Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi bosh prokuror N.T. Yo‘ldoshevga va ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonovga rasmiy xat bilan murojaat qilgan.

“Bu qayg‘uli holat avvalo navqiron bir insonning umriga zomin bo‘lgani va marhumning oila a’zolarini cheksiz motamu ayriliq g‘amiga duchor etgani bilan har birimizni aslo befarq qoldirmaydi. Biz adolat to‘liq qaror topishini, bunday fojealar boshqa takrorlanmasligini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz”, — deyiladi xabarda.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi tomonidan Andijon shahrida sodir bo‘lgan mazkur holat qat’iy nazoratga olingan.