12 iyun soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 4819 nafarni tashkil etmoqda, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Unga ko‘ra, yangi kasallanish holatlarining 66 nafari Karantin марказидаги fuqarolar orasida, 5 nafari Sirdaryo viloyatida (shundan 4 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib karantinga olingan, 1 nafari esa xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi), 5 nafari Buxoro viloyatida hamda 2 nafari Samarqand viloyati Urgut tumanida aholi orasida aniqlangan.

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov so‘zlariga ko‘ra, hozirda Respublika bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 1163 kishi davolanmoqda. Ulardan 12 nafar bemor og‘ir, 2 nafar bemor esa o‘ta og‘ir ahvolda, deb baholanmoqda.

Ayni paytda mamlakatda 3637 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan. O‘n to‘qqiz kishi hayotdan ko‘z yumgan.