O‘zbekistonda Sankt-Peterburg davlat universitetining filialini tashkillashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 8 iyun kuni e’lon qilingan Prezident qarori loyihasida qayd etilgan.

Ushbu hujjat qonunchilik harakatlarini baholash tizimi portaliga xalq muhokamasi uchun joylashtirilgan. Loyiha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

OTM birinchi navbatda sharq tillari filologiyasi, etnografiya, sharq mamlakatlari iqtisodiyoti va biotibbiyot kabi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlashi kutilmoqda.

Filialda ta’lim Sankt-Peterburg davlat universiteti tomonidan tasdiqlangan o‘quv reja va dasturlari asosida belgilangan standartlarga mos ravishda rus tilida olib boriladi.

Filial Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Toshkent shahri, Mirobod tumani, M.Oybek ko‘chasi, 16-A-uy manzilida joylashgan binosiga tegishli kommunal va foydalanish xarajatlarini qoplagan holda «nol» stavkadagi ijara to‘lovi asosida joylashtirilishi rejalashtirilmoqda.

Sankt-Peterburg davlat universiteti dunyo va Yevropaning eng yirik ilmiy-ta’lim markazlaridan biri hisoblanadi. Hozirda u yerda 30 mingdan ortiq talaba tahsil oladi, Nobel va Fild mukofoti nomzodlari faoliyat olib boradi. Universitet o‘zining 15 ta katta laboratoriyalari va 26 ta resurs markazlariga ega.