Davlat mulkini ijara olgan 11 mingdan ortiq tadbirkor ijara to‘lovini karantin sababli to‘lashdan ozod etilgan. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining matbuot kotibi Mo‘min Ibodov xabar berdi.

Agentlik rasmiy vakilining ma’lum qilishicha, mamlakatda o‘rnatilgan karantin tadbirlari tufayli umumiy ovqatlanish, o‘quv markazlari, jismoniy tarbiya, sport, turizm va boshqa sohalarda davlat mulkini ijaraga olib ishlatayotgan 3 821 ta tadbirkorning faoliyati to‘xtatildi. Agentlik tomonidan o‘zbek va rus tillarida onlayn arizalar tashkil etilib, tadbirkorlar bilan 29,6 mlrd so‘m miqdorida tuzilgan ijara shartnomasi bekor qilinmasligi va ijara pullari olinmasligi huquqiy asosga keltirildi.

«1 iyun holatiga ko‘ra 11 266 nafar tadbirkor davlat mulki ob’ektini ishlatmayotgan davri uchun ijara to‘lamayapti. Bu davlatga to‘lanishi mumkin bo‘lgan 92,6 mlrd so‘m pul ularning qo‘llarida qolmoqda degani», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda karantin tadbirlari urnatilgandan so‘ng 25 mart kuni agentlik hukumat qaroriga asoslanib Davlat mulki ob’ektlarida ijara asosida faoliyat ko‘rsatib kelgan va karantin sababli faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlardan ijara puli olinmasligi haqida xabar bergandi.