Yashnobod tumanidagi asfalt zavodida yong‘in kelib chiqdi. Bu haqda Toshkent shahar FVB ma’lum qildi.

4 iyun kuni soat 04:12 da Toshkent shahar Yashnobod tumani, Parkent ko‘chasi 327-uyda joylashgan “Karvon Yo‘li” xususiy korxonasiga qarashli bitum eritish basseynida yong‘in kelib chiqqan. Natijada 600 kv.m maydonda eritma saqich (bitum) yongan.

Yong‘in-qutqaruv jangovar bo‘linmalari manzilga soat 04:22 da yetib borgan va ko‘rilgan tezkor choralar natijasida yong‘in soat 06:05 da to‘liq bartaraf etilgan. Voqea joyiga 7 ta yong‘in-qutqaruv texnikasi jalb qilingan.

Yong‘in sabablari va yong‘indan keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.