O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Sergeli tumanida barpo etilgan yangi turar joy mavzesi hududida poytaxt hokimligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunadigan alohida “Yangi hayot” kichik tumanini tashkil etish taklifini bildirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Prezident juma kuni tumanga tashrifi chog‘ida o‘z taklifi sababini mazkur hududda yashovchi aholi farovonligini ta’minlash, boshqaruvni samarali tashkil etish bilan bog‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev 2016 yili sentyabrda besh yil davomida Sergeli tumanida 500 ta ko‘p qavatli uy qurilishini aytgan edi. Oxirgi 3 yilda tumanda 19522 xonadonli 460 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi. 26 ta namunaviy tipdagi mahalla guzarlari barpo etildi. Shu davrda bu yerga 100 mingdan ziyod aholi ko‘chib kelib, jami aholi 276 ming nafardan oshgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanida barpo etilgan Flowers Garden Park ekoparkini ham borib ko‘rdi. Umumiy maydoni 10 gektar bo‘lgan ekoparkning 5 gektari bog‘, 5 gektari gul sotish markazidir.

Boqqa yirik gulli magnoliya, fotiniya frazeri, qora sosna, igna bargli archa, “Krimson king” chinori kabi 30 turdagi 6 mingdan ziyod manzarali daraxt va 20 turdagi 60 mingdan ziyod buta olib kelib ekilgan. Aholining ko‘ngilli hordiq chiqarishi uchun restoran, savdo shoxobchalari tashkil etilgan. Turkiyaning “Natural Peyzaj” shirkati bilan hamkorlikda bunyod etilgan bog‘da 200 ta ish o‘rni yaratilgan. Malakali agronom va entomologlar jalb etilgan.

Shuningdek, davlat rahbari Sergeli tumanida barpo etilgan 16 qavatli uyni borib ko‘rdi. Bu imorat zamonaviy standartlar asosida zilzilaga bardoshli qilib qurildi. Devorlarida energiya tejovchi materiallardan foydalanilgan. Internet tarmog‘i, videokuzatuv va yong‘in xavfsizligi uskunalari bilan jihozlandi. Uy 2−3 xonali 80 ta xonadondan iborat bo‘lib, kam ta’minlangan va muhtoj oilalarga topshirilgan.

Shavkat Mirziyoyev yaqinda tumanning 5A mavzesida foydalanishga topshirilgan 329-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga ham tashrif buyurdi. Mazkur ta’lim maskani 1680 o‘quvchiga mo‘ljallangan. Unga asos solishda 2019 yilda tashkil etilgan Prezident maktablari tajribasidan foydalanilgan.

To‘rt qavatli maktabda 48 ta o‘quv xonasi mavjud. Shundan 20 tasi fan kabineti, 14 tasi boshlang‘ich sinf xonasi va yana 14 tasi xorijiy tillarni o‘qitishga mo‘ljallangan. Laboratoriya va to‘garak xonalari, elektron kutubxona, tibbiyot punkti, oshxona, faollar zali, sport maydonlarida zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Bolalarni aniq kasblarga yo‘naltirish, hunarlarga mehr uyg‘otish maqsadlarida kasbga yo‘naltirish xonalari tashkil etilgan, ular kerakli jihozlar, asbob-uskunalar, mehnat qurollari, mato va materiallar bilan to‘ldirilgan.