26 may kuni Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida HOWO rusumli yuk mashinasi katta yo‘l chetida ketayotgan eshak aravani urib yubordi. YTH natijasida ikki kishi — yosh er-xotin hayotdan ko‘z yumdi.

IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmatining xabar qilishicha, hodisa soat 06:00 da M-39 “Toshkent-Termiz” Xalqaro avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. 28 yoshli Q.J., MCHJga tegishli yuk mashinasida “Toshkent-Chinoz” tomonga harakatlanar ekan, o‘zi bilan bir yo‘nalishda yo‘lning o‘ng qismida eshak aravani boshqarib ketayotgan fuqaro 24 yoshli X.V. va turmush o‘rtog‘i 20 yoshli O.V.ni avtomashinaning o‘ng old qismi bilan urib yuborgan.

Natijada X.V. va uning turmush o‘rtog‘i O.V. olgan tan jarohatlari bilan tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan, O.V,ga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay shifoxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan Yangiyo‘l tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

27 may kuni X.V. ham ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan. Jinoyat ishi JKning 266-moddasi 3-qismi “a” bandiga (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) qayta malakalangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 26 may kuni Farg‘ona viloyatining Buvayda tumani hududida ham xuddi shunga o‘xshash YTH sodir bo‘lgani xabar qilingan edi. 28 yoshli M.G‘. boshqaruvidagi MAN eshakka ulangan aravada borayotgan ota-bolani urib yuborgan, natijada ota voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan edi.