Innovatsion rivojlanish vazirligi World Influencers Network asoschisi Behruz Hamzayevning bloger Kirill Altmanga bergan intervyusida bildirgan fikrlariga raddiya berdi.

Bloger Kirill Altman 26 may kuni Alter Ego dasturi doirasida Behruz Hamzayevdan intervyu olgan edi. Mazkur intervyuda Behruz Hamzayev “World Influencers Network asoschisi, „ZIYO FORUM“ rivojlanish va ta’lim jamg‘armasi direktori o‘rinbosari, shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi tuzilishining tashabbuskori hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining sobiq maslahatchisi, O‘zbekistonda amalga oshirilgan ko‘plab loyihalar, konsepsiyalar, strategiyalar va qonunlarning muallifi” sifatida tanishtirildi, deyiladi vazirlik xabarida.

Suhbat davomida Behruz Hamzayev “Innovatsion rivojlanish vazirligining g‘oyasi mendan chiqqan, ular vazirlik nomini ham noto‘g‘ri qo‘yishgan”, deb fikr bildiradi.

“Innovatsion rivojlanish vazirligi O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan 2017 yilning noyabr oyida tashkil etilgan va „O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida“ gi qarorini yozish ishlarida uning [Behruz Hamzayevning] ishtiroki haqida hech qanday rasmiy ma’lumotlar ham yo‘q”, — deyiladi vazirlikning bayonotida.

Shu bilan birga, bayonotda Innovatsion rivojlanish vazirligi B.Hamzayev tomonidan bloger K. Altmanga ko‘rsatilgan “O‘zbekiston Respublikasining kelajak, novatorlik va hamkorlik vazirligi” deb nomlangan broshyurasi uch yil avval o‘zi tilga olmagan mas’ul xodimlarga taqdim etilgan va uning bu g‘oyasini kimdir qo‘llab-quvvatlagan ham bo‘lishi mumkin, deya ta’kidlagan vazirlik.

“Lekin bu uning [Behruz Hamzayevning] „Innovatsion rivojlanish vazirligini men tashkil etganman“ deyishi uchun zinhor asos bo‘la olmaydi. Bundan tashqari, Behruz Hamzayev Innovatsion rivojlanish vazirligida rasman faoliyat yuritmagan, uning akasi Behzod Hamzayev boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan davrda Behruz akasining oldida yurgan”, — deya qo‘shimcha qilinadi bayonotda.

Shuningdek, B.Hamzayevning Innovatsion rivojlanish vazirligi tuzilganidan beri biror amaliy ish qilmagani haqidagi so‘zlari vazirlik e’tiroziga sabab bo‘ldi.

“Bu gaplarining o‘rinsiz va asossiz, joiz bo‘lsa, shu vazirlikda faoliyat yuritgan va yuritayotgan davlat xizmatchilariga nisbatan tuhmat ekaniga O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligining tashkil etilganidan boshlab amalga oshirilgan asosiy faoliyati natijalari to‘g‘risida ma’lumot bilan tanishib, amin bo‘lish mumkin”, — deyiladi raddiyada.

Behruz Hamzayevning vazirlikni tashkil etish bo‘yicha hujjatlarni tayyorlashga 50 ming dollar sarflagani haqidagi gaplariga esa “O‘zbekiston davlat organlari faoliyati bilan tanish bo‘lgan har qanday kishi uchun “ham kulgili, ham mantiqsiz iddaodir”, — deb e’tiroz bildiriladi.

Bayonot yakunida, Innovatsion rivojlanish vazirligi Behruz Hamzayevning keyingi ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi va o‘z navbatida, Kirill Altmandan shu kabi “mantiqsiz” intervyularni tarqatmaslikni so‘radi, shuningdek, blogerning suhbatdoshi tomonidan berilgan fikrlar va mulohazalar davlat organini haqoratlash bilan baravar ekanini eslatib o‘tdi.