26 may kuni prezident madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish bo‘yicha farmonni imzoladi.

Unga ko‘ra, 15 aprel “O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni” deb e’lon qilindi.

Madaniyat va san’at

2021 yil 1 yanvardan boshlab madaniyat va san’at sohasida quyidagi o‘zgarishlar tatbiq qilinadi:

  • konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash, litsenziatlarning davlat reyestrini yuritish, ularning faoliyati va erishgan natijalari haqidagi axborotlarni kiritib borish Konsert-tomosha faoliyati ishtirokchilarining yagona onlayn portali orqali amalga oshiriladi;
  • konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruxsatnoma berish uchun undiriladigan yig‘im bekor qilinadi;
  • davlat organlari va tashkilotlarining tashabbuslari bilan o‘tkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari har yili tasdiqlanadigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining kalendar rejalari asosida o‘tkaziladi;
  • Prezident, Hukumat va hokimning davlat tadbirlarini o‘tkazishni nazarda tutuvchi qarorlarida ushbu tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar buyurtmachilari va moliyalashtirish manbalari ko‘rsatiladi;
  • davlat organlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar xizmat ko‘rsatganda yozma va haq evaziga shartnoma tuziladi (konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi davlat muassasalari xodimlari bilan tuziladigan mehnat shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bundan mustasno).

Farmonda, shuningdek, turli tadbirlarga ijodkorlarni jamoatchilik asosida jalb qilishga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlangan.

“Madaniyat vazirligi va boshqa davlat organlari tomonidan davlat tadbirlari va boshqa tadbirlarga ijodkorlar va ijrochilarning jamoatchilik asosida jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi”, — deyiladi farmonda.

Farmonga muvofiq, 2020 yil 1 sentyabrdan davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to‘liq jonli ijro asosida o‘tkazilgan konsert dasturlari uchun ijara to‘lovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etilishi belgilangan.

Shu bilan birga, san’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi tashkil etiladi. Mazkur palata mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaradigan tashkilot hisoblanadi. Unda mualliflik huquqlari poymol bo‘lganda san’at vakillari da’vo bilan sudga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.

Madaniyat va ta’lim muassasalari

Mazkur farmon bilan quyidagilar tashkil etildi:

  • maqom ijrochiligi, baxshichilik va katta ashula yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy maktabi muassasasi — Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’at instituti;
  • davlat muassasasi shaklidagi Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti;
  • Madaniyat vazirligi tizimida Respublika musiqa va san’at kolleji tashkil etildi.

Shu bilan birga, Respublika ixtisoslashtirilgan estrada va sirk maktabi Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk kolleji etib qayta tashkil etildi.

Farmonda belgilanishicha, V.Uspenskiy va R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseylari maktab-internatlar uchun belgilangan imtiyozlarni tatbiq etgan holda tegishlicha V.Uspenskiy va R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktablariga aylantirildi.

Qayd etilishicha, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab notalar to‘plamlari va maxsus musiqiy adabiyotlar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan chop etiladi va ular ta’lim muassasalariga to‘liq yetkaziladi.

Teatr, muzey va sirk

Farmonda qo‘shimcha o‘zgarishlar qatorida, Respublika qo‘g‘irchoq teatriga O‘zbek Milliy qo‘g‘irchoq teatri nomi berilgani aytib o‘tiladi.

Hujjatda, shuningdek, Madaniyat vazirligi tomonidan xarid qilingan, ommaviy ijroga mo‘ljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlarni 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab xususiy teatrlarda ham sahnalashtirish va ijro etishga ruxsat beriladi.

Endilikda, mazkur farmonga asosan кўчма sirk tomoshalari uchun ruxsatnoma olish talab etilmaydi hamda 2020−2021 yillar davomida har bir hududda кўчма sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) hamda hayvonot bog‘lari tashkil etiladi.

Ma’lum qilinishicha, “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasining bino va inshootlari rekonstruksiya qilinadi.

Shuningdek, 2020 yil 1 sentyabrdan qo‘shimcha o‘zgarishlar qatorida quyidagi yangi kiritmalar hayotga tatbiq etiladi:

  • ko‘chma sirklar tomonidan o‘tkaziladigan tomosha tadbirlariga ommaviy tadbir o‘tkazish uchun ruxsatnoma va ruxsat berish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni olish talab etilmaydi, bunda tadbir tashkilotchilari uni o‘tkazish joyi va vaqti to‘g‘risida ichki ishlar organlarini kamida 10 kun oldin yozma ravishda xabardor qiladi;
  • ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirligi organlari mazkur tomosha tadbirlarida jamoat tartibi va yong‘in xavfsizligini to‘lov undirilmagan holda ta’minlaydi;
  • davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi madaniyat va istirohat bog‘lari, sport inshootlari, sayilgohlar va boshqa ochiq hududlarda ko‘chma sirklar tomonidan tomosha tadbirlari o‘tkazish uchun ijara va boshqa turdagi to‘lovlar undirilmaydi;
  • o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini (dorboz, askiya, lapar) asrash va ulardan foydalanish bo‘yicha faoliyatidan olingan daromadlariga soliq solinmaydi.

Shuningdek, 2020 yil sentyabr oyidan boshlab davlat muzeylarida har oyning birinchi yakshanbasi “ochiq eshiklar kuni” deb e’lon qilindi. “Ochiq eshiklar kuni"da fuqarolar davlat muzeylariga bepul kiritiladi.

2020−2025 yillar davomida bosqichma-bosqich har bir tuman va shaharda tarix va madaniyat davlat muzeylarining filiallari shaklida o‘lkashunoslik muzeylari tashkil etiladi.