Koronavirus pandemiyasi oqibatida AQSHda ishsizlar soni 40 million kishiga yaqinlashib qoldi. Bu haqda The New York Times xabar bermoqda.

Xabarga ko‘ra, o‘tgan hafta davomida ishsizlik bo‘yicha mamlakat Mehnat vazirligiga kelib tushgan arizalar soni 2,5 mln atrofida bo‘lishi mumkin. Bu — umumiy ishsizlar sonining 39 mln atrofida bo‘lishini anglatadi.

Census Bureau tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, qariyb 50 foiz katta yoshdagi kishilar o‘zlari yoki oila a’zolaring mart oyi o‘rtalaridan boshlab ishsiz qolganini aytishgan. Deyarli 40 foiz kishi keyingi 4 hafta davomida ishsizlik davom etishini kutayotganligini aytgan.

Mutaxassislar tomonidan ayrim kasblarning mutlaqo yo‘qolib ketishi haqida ham xavotirlar bildirilgan. Stenford universiteti professori Nikolas Blum hozirda ish faoliyati to‘xtab turgan 42 foiz holatlarda odamlar keyinchalik umuman ishsiz qolishlari ehtimolini aytgan. “Bu biz kutganimizdan uzoqroq va ayanchliroq davom etishi mumkin”, — deya fikr bildirgan u.