1-yanvargacha idoraviy qonun hujjatlarini qabul qilish to‘xtatiladi. O‘zbekiston prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida ushbu tartib joriy etildi.

Hujjatda 1-iyuldan boshlab xo‘jalik boshqaruvi organlari vakolatiga kiruvchi masalalar va korporativ munosabatlar qonunosti hujjatlarini qabul qilish yoki ma’muriy usullar orqali tartibga solinishi taqiqlanadi.

Shuningdek, idoraviy qonun hujjatlariga jismoniy va yuridik shaxslar uchun qo‘shimcha to‘lov va yig‘imlarni belgilovchi, ortiqcha ma’muriy va boshqa cheklashlarni nazarda tutuvchi, ularga asoslanmagan xarajatlar yuzaga kelishiga olib keluvchi, ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan huquqiy normalarni kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga huquqiy normalar kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar vazirlikda majburiy tartibda huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi hamda ijobiy xulosa olingandan so‘ng hisobga olinadi va kuchga kiradi.

1-iyuldan boshlab qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlashda quyidagilarni nazarda tutuvchi “paket” prinsipi joriy qilinadi:

  • yangi qonun loyihasini ishlab chiqishda uni amalga oshirishga qaratilgan havolaki normalar yangi qonun bilan birga yoki qonunda belgilangan muddatda ishlab chiqiladi va kuchga kiradi;
  • yangi qonun loyihasi bilan belgilanayotgan qoidalar ilgari qabul qilingan qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etganda, ilgari qabul qilingan qonunlarga o‘zgartirish kiritish yangi qonunni qabul qilish bilan bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi;
  • vazirlik va idoralar o‘zlari tomonidan qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga bir xil masaladagi o‘zgartirish va qo‘shimchalarni bitta hujjat bilan kiritadi;
  • Adliya vazirligiga Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestrida mavjud bo‘lgan hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi, bunda ular aynan bir xil masalada va texnik ko‘rinishda bo‘lishi lozim.

Qonunchilikni tizimlashtirish va ortiqcha huquqiy tartibga solishni kamaytirish maqsadida 1-iyuldan 2021-yil 1-yanvargacha idoraviy qonun hujjatlarini qabul qilish to‘xtatiladi. O‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi, shuningdek, unifikatsiya qilishni nazarda tutuvchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish bundan mustasno.

Idoraviy qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish1-iyuldan boshlab sinov tariqasida, 1-oktyabrdan boshlab esa to‘liq Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.