20 may soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2880 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Unga ko‘ra, aniqlangan yangi kasallanish holatlarining 5 nafari oldindan karantinda bo‘lgan fuqarolar, 20 nafari xorijdan kelgan shaxslar orasidan qayd etildi. 20 nafar bemorning 5 nafari charter reys bilan Sankt-Peterburgdan, 10 nafari Qozog‘istondan kelgan va karantin markaziga joylashtirilgan, 3 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi, shuningdek, 2 nafari qozog‘istonlik xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi.

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov so‘zlariga ko‘ra, hozirda Respublika bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 529 kishi davolanmoqda, ulardan 6 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanmoqda.

Ayni paytda 48 mingdan ortiq fuqaro karantin muddatlarini o‘tayapti. Ularning 17 mingdan ortiqrog‘i statsionar sharoitida, qolgan 31 ming nafari uy sharoitida karantin tadbirlari bilan qamrab olingan.

Shuningdek, Respublikadagi mavjud virusologik laboratoriyalarda 528 mingtadan ortiq test sinovlari o‘tkazildi. Kechagi kunning o‘zida 13 mingga yaqin virusologik tekshirishlar o‘tkazildi, dedi Nurmat Otabekov.

Koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni hozirda 2338 kishini tashkil etmoqda. O‘n uch kishi hayotdan ko‘z yumgan.