Iqtisodiyotning, ayniqsa xususiy sektor barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun O‘zbekiston mahalliy moliya bozorining yaxlit modelini shakllantirishi lozim.

Butun moliya bozorining kompleks islohotini o‘tkazib, uni o‘zaro muvofiq rivojlantirish orqaligina kapitalni iqtisodiy o‘sish maqsadlarida safarbar etish va samarali taqsimlashga erishish mumkin.

Bu esa iqtisodiyotga mablag‘ jalb etishning asosiy manbai sifatida davlatga bo‘lgan bosimni yumshatish imkonini beradi.

Hozirda O‘zbekistonda moliya bozori tarqoq holda boshqarilmoqda: u yoki bu segment Markaziy bank, Moliya bozori va Kapital bozorini rivojlantirish agentligi (KBA) tomonidan tartibga solinmoqda.


Yagona regulyator butun moliya bozorini rivojlantirish siyosati samaradorligini kuchaytirish imkonini beradi. Aynan shuning uchun, koronavirus pandemiyasining iqtisodiy oqibatlari bilan kurashish paytida uni yaratishning maqsadga muvofiqligini ko‘rib chiqish yanada dolzarb ahamiyatga ega.

KBA direktori Otabek Nazirov Spot ga bergan intervyusida O‘zbekistonga nega moliya bozorini rivojlantiruvchi va tartibga soluvchi yagona regulyator kerakligi, bu mamlakatga nima berishi va u qanday vazifalarni bajarishi lozimligi to‘g‘risidagi savollarga javob berdi.

Bugungi kunda bozor qanday tartibda ishlaydi?

Tarix hukmiga ko‘ra O‘zbekistonda moliya bozori boshboshdoq holda rivojlandi. Bunda davlatning asosiy kuchi bank sektorini rivojlantirishga qaratildi.

Iqtisodiyotni moliyalashtirishning eng qulay vositalari bank tizimida mavjud bo‘lib, bunda davlat asosiy pozitsiyaga ega (unga tarmoqning 85 foizi tegishli), tarmoq aktivlarining umumiy qiymati YAIMning 50 foizini tashkil etadi.

Xatarli loyihalarni (ayniqsa venchur loyihalar) moliyalashtirishga bo‘lgan moyillik banklarda past, zero, odatda kreditlar mablag‘ni qaytarish sharti bilan beriladi. Loyiha kutilgan natijani bermasa-da, qarz oluvchi pullarni qaytarib berishi lozim.

Oqibatda, bank sektorida kredit mahsulotlari evaziga moliyalashtirish mumkin bo‘lgan kompaniyalar (ularning rivojlanish bosqichiga qarab) va, demakki, butun iqtisodiyotga nisbatan tabiiy cheklov mavjud. Bunda kredit mahsulotlari aksariyat holatlarda garov bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.

Undan tashqari, jismoniy shaxslarning barcha depozitlari davlat tomonidan kafolatlangan, bu esa mablag‘ning qaytarilishini ta’minlash uchun Markaziy bank sektorni tartibga solishda qattiqqo‘l siyosat yurgizishga majbur bo‘lishini anglatadi.

Shuning uchun O‘zbekistonning rivojlanayotgan iqtisodiyoti uchun kredit mahsulotlariga qo‘shimcha ravishda ichki kapital bozorini yo‘lga qo‘yish hayotiy zaruratdir, zero aynan u orqali xorijiy investorlar ham jalb etiladi.

Biz investitsiyalarni aksiyadorlik kapitaliga quyish madaniyatini oshirishimiz, xatarlarni (ham portfelli, ham strategik) investorlar bilan bo‘lishishga o‘rganishimiz va aksiyalar/ulushlarning nazorat paketini sotishdan qo‘rqmasligimiz kerak.

Xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb etilgan (asosan qattiq valyutada belgilangan) tashqi davlat qarzlari hajmi ortib bormoqda.

Bugungi kunda asosan davlat va davlat banklari tomonidan jalb etiladigan qarz va kreditlar fondlashning asosiy manbalariga aylandi.

Mamlakatda samarali mahalliy moliya bozori yo‘lga qo‘yilmaganligi bois aynan shu yo‘lni tanlashga to‘g‘ri kelmoqda. Afsuski, O‘zbekistonda institutsional va professional investorlar (sug‘urta kompaniyalari, pensiya jamg‘armalari, bevosita va kollektiv investitsiyalar fondi) rivojlanmagan, minoritar aksiyadorlar huquqlari himoya qilinmagan, milliy valyuta tinimsiz qadrsizlangan (valyuta xatarlarini xejlash vositalari mavjud emas), davlat qimmatli qog‘ozlarini aholi va norezidentlarga sotish taqiqlanadi.

Bularning bari qudratli ichki moliyaviy tizimni shakllantirish lozimligini ko‘rsatadi, bu esa iqtisodiyotga mablag‘ jalb etishning asosiy manbai sifatida davlatga bo‘lgan bosimni yumshatish imkonini beradi.

Bugungi kunda moliya bozorining turli segmentlari (banklar, sug‘urta, qimmatli qog‘ozlar, jumladan, davlat obligatsiyalari, valyuta bozori) uchta organ — Markaziy bank, Moliya vazirligi va bizning agentligimiz tomonidan tartibga solinmoqda.

O‘z navbatida, bu bozorni rivojlantirish, islohot o‘tkazish uchun birdamlikdagi harakatlar yetarli emas, shuningdek, malakali mutaxassislarga ehtiyoj katta.

Muammo yechimlaridan biri bu — yagona kollegial organni yaratishdir. Aynan shu organ moliya bozorini yaxlit va bir birini to‘ldiruvchi tizim sifatida rivojlantirish hamda tartibga solish siyosatini belgilaydi.

Yagona moliyaviy regulyator Polsha, Shveysariya, Germaniya, Janubiy Koreya, Singapur, Yaponiya va boshqa ko‘plab davlatlarda faoliyat yuritadi.

Shu yilning 1 yanvaridan boshlab Qozog‘istonda Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi ishga tushdi. Ilgari Milliy bank (Qozog‘iston markaziy banki) bajargan butun moliya bozorini rivojlantirish va tartibga solish vazifasi yangi agentlikka yuklatildi.

Bu nega zarur?

Moliya bozorining samarali faoliyat yuritishii uchun uning barcha qismlari hamjihatlikda rivojlanishi kerak.

Mamlakatning moliyaviy ekotizimida nima bo‘lishi lozim? Birinchi navbatda, bizga pullarni boshqara oladigan, ularni qayerga va qanday sarmoya qilishni biladigan institutsional investorlar kerak.

G‘arb bozorida fuqarolar yig‘gan pullari va pensiya jamg‘armalarini professionallar boshqaruviga ishonib topshiradilar, shu bois investitsion jamg‘armalar mablag‘lari yo‘naltirayotgan kompaniyalarga shart qo‘yishga qodir o‘yinchilarga aylanib boradilar. Misol uchun, ular kompaniya boshqaruvini kuchaytirishi, direktorlar kengashining mustaqil a’zolarini tayinlashi mumkin.

Ular kapital qayerga yo‘naltirilishi kerakligini, u qayerda samarali faoliyat yuritib, qo‘shimcha qiymat va daromad keltira olishini bilishadi.

Bunday investorlarni O‘zbekistonga jalb qilayotib, ular pul mablag‘larini qayerga yo‘naltira olishini o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Xususiy va davlat kompaniyalari, yirik korporatsiyalar samarali ishlab, foyda keltirishi kerak.

Davlat korxonalarining hammasi ham daromadli emas. Bu esa boshqaruv samaradorligining pastligidan dalolat beradi.

Nizolarni hal qilish tizimi ham muhim omil sanaladi. Kapital bozorini tartibga soluvchi qonunlar sodda, moslashuvchan, investorlarga tushunarli bo‘lishi, shu orqali nizolar masala mohiyatini tushunadigan mustaqil sudyalar tomonidan adolatli hal qilinishi kerak.

Kapital bozorini rivojlantirishda davlat qimmatli qog‘ozlarining o‘rni beqiyos. Ular ustqurma vazifasini o‘taydi; korporativ obligatsiyalar, aksiyalar davlat qimmatli qog‘ozlari asosida chiqariladi. Davlat obligatsiyalari investorlar uchun past xatarli investitsiya o‘lchagi vazifasini o‘tab, eng likvidli moliya mahsuloti hisoblanadi.

Boshqa qimmatli qog‘ozlardan qaytadigan mablag‘ni belgilashda ular mukofotni davlat obligatsiyalaridan olinadigan daromad bilan taqqoslashadi.

Bu soha O‘zbekistonda rivojlanmayapti. Hozirgacha jismoniy shaxslar va xorijiy investorlar davlat qimmatli qog‘ozlarini xarid qila olmaydilar.

Taassufki, agentligimiz bu bozorni rivojlantira olmaydi, chunki Markaziy bank va Moliya vazirligi bu boradagi vakolatli davlat organlari sanaladi.

Shuningdek, agentlik valyuta bozoridagi hosilaviy instrumentlarni ham joriy eta olmaydi, zero “Bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra valyuta derivativlari Markaziy bank tomonidan tartibga solinadi.

Aynan shuning uchun yagona moliya siyosatini amalga oshirish imkonini beradigan yagona regulyator talab etiladi.

Bu O‘zbekistonga nima beradi?

Aksariyat hollarda yagona regulyator prezidentga bo‘ysunadi va parlament oldida hisobot beradi, bu esa uning to‘la mustaqilligini ta’minlaydi.

Bu, o‘z navbatida, aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish uchun sharoit yaratadi. Investorlar qo‘yilgan mablag‘lari daxlsizligiga ishonch hosil qilib, nizoli vaziyatlarda muammoning adolatli yechim topishiga umid bog‘lashadi.

Regulyator boshqaruv chambaragida bitta shaxs emas, komissiya bo‘lishi kerak. Bu kollegial organ bo‘lib, u fikr-mulohazalar muvozanatini ta’minlaydi. Komissiya tarkibiga har bir blok, masalan, bank sektori, sug‘urta biznesi, qimmatli qog‘ozlar bozori, pensiya jamg‘armasi vakillari kirishi mumkin.

Bularning bari moliya bozorini rivojlantirish va tartibga solishning hamjihat siyosatini shakllantirish imkonini beradi. Islohotlar bozorning alohida sektorlarida yakka tartibda emas, yalpi ko‘rinishda olib boriladi.

O‘zbekistonda qattiqqo‘l islohotlar o‘tkazilayotgan sharoitda harakatlarni muvofiqlashtirish ayniqsa muhimdir.