Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida o‘zini o‘zi band qilgan aholi daromad solig‘idan ozod qilinishi aytildi.

Pandemiya tufayli kambag‘al aholi va ishsizlar soni oshishi, oilalar daromadi kamayishi bois qisqa fursatda yangi ish o‘rinlari yaratish uchun kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash zarurligi aytilgan.

Yig‘ilishda tadbirkorlar huquqlari kafolatlari va mulk daxlsizligini ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratildi.

O‘zini o‘zi band qilayotgan, qo‘lida kasb-hunari bor odamlarga munosib sharoit yaratish maqsadida yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Ya’ni, sartarosh, etikdo‘z, novvoy, temirchi, duradgor, tikuvchi, taksist, tarjimon, dizayner, kompyuter dasturchisi kabi o‘zini o‘zi band qilgan 60 dan ziyod kasb egalari daromad solig‘idan ozod qilinadi. Mazkur imtiyozdan foydalanish uchun telefon orqali soliq idoralarini xabardor qilish kifoya. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida bunday fuqarolarni ro‘yxatga olish va hisobini yuritish bo‘yicha mobil ilova ishlab chiqiladi.