Mirzo Ulug‘bek tuman «Ulug‘bek» mahalla fuqarolar yig‘ini (Ulug‘bek shaharchasi) hududida koronavirus pandimiyasi bilan kasallangan hamda ular bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolar soni keskin oshib borayotganligi sababli mazkur mahalla hududida karantin qoidalariga amal qilish kuchaytirildi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Mahalla hududidagi barcha kirish va chiqish yo‘llari blok postlari tashkil etilgan holda to‘liq yopildi. Ushbu hududda tunu kun navbatchilik tashkil etilib, qat’iy nazoratga olindi.

Fuqarolarning karantin davrida uydan chiqmasligi, faqatgina zarur hollarda, ya’ni, bir oiladan bir kishiga tibbiy dori vositalari, zarur oziq-ovqat mahsulotlari haridi uchun tibbiy niqob va shaxsiy gigiyena himoya vositalaridan foydalangan holda chiqishlariga ruxsat etiladi, deyiladi xabarda.

Mahalla hududida aholi talabidan kelib chiqqan holda arzonlashtirilgan asosiy turdagi oziq-ovqat maxsulotlari yarmarkasi tashkil etiladi.

11 maydan O‘zbekiston tuman va shaharlarida «qizil», «sariq» va «yashil» karantin hududlari amal qilishni boshladi. Toshkent «sariq» hudud deb belgilandi. Karantin darajasi sanitariya-epidemiologik vaziyatning rivojlanishiga qarab o‘zgarishi mumkin.