Rossiyalik tadbirkor, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov taqdim etgan pul yordami Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi keltirib chiqargan suv toshqinidan zarar ko‘rgan Sirdaryo viloyati aholisi o‘rtasida bir xil hajmda taqsimlanadi. Bu haqda “Mahalla” jamg‘armasi “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Avval xabar qilinganidek, Alisher Usmonov suv toshqini oqibitlarini bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam uchun O‘zbekistonga 10 mln dollar taqdim etgan edi. U, shuningdek, Qozog‘istonning Turkiston viloyatida suv toshqinidan aziyat chekkan 5202 ta oila uchun 5,202 mln dollar (har bir oilaga 1000 dollardan) ajratdi.

Alisher Usmonov tomonidan ajratilgan mablag‘lar hozirda “Mahalla” jamg‘armasi hisob raqamida. Pullarni Ramazon hayiti bayramiga qadar Xalq bankida jabrlanganlar uchun ochilgan kartochka hisob raqamlariga o‘tkazib berilishi kutilmoqda. Sirdaryo viloyati hokimligi jabrlanganlar ro‘yxatini tuzmoqda, deya xabar qilindi jamg‘armadan.

Jabrlanganlar O‘zbekiston hukumati tomonidan ham pul yordamini oladi. Avvalroq Moliya vazirligiga favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish, jumladan, jabrlanganlarga moliyaviy yordam uchun Sirdaryo byudjetiga 100 mlrd so‘m o‘tkazib berish topshirilgan edi.

Chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan majlisda prezident Shavkat Mirziyoyev Alisher Usmonovga O‘zbekiston va Qozog‘istonga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi.

“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatiga o‘z hissasini qo‘shayotgan tadbirkorlarni ham yoddan chiqarmaymiz. Tadbirkorlarimiz og‘ir damlarda yelkadosh bo‘lmoqda", deya qayd etdi davlat rahbari (Kun.uz iqtibosi).

Bundan tashqari, prezident yig‘ilish davomida mutasaddilarga aholi uchun quriladigan uylar sifati va muddati borasida ham alohida topshiriq bergan.

“Uy qurilishini bir yilga cho‘zmanglar, barcha jabr ko‘rgan insonlar ikki oyda yangi, hovlisiga rayhon va mevali daraxtlar ekiladigan sifatli uylarga ko‘chib o‘tishi kerak”, — dedi u.

Sirdaryo viloyatida 14 maydan boshlab viloyat hududida qurilish ishlari boshlanishi lozim. Viloyatga tez orada Shavkat Mirziyoyevning tashrif buyurishi kutilmoqda.