O‘zbekiston 8 may kuni charter reyslarini amalga oshirish boshlanganidan buyon xorij mamlakatlaridan 1200 nafardan ortiq fuqarolarini olib keldi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

«O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan, 2020-yil 8−12-may kunlari Dubay, Minsk, Seul, Dehli, Frankfurt va Moskva shaharlaridan 1243 nafar vatandoshlarimiz vatanga charter reyslarida qaytarildi», — deyiladi xabarda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, boshqa davlatlardan kelgan vatandoshlarni qaytarish uchun charter reyslarini tashkil etish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Jumladan, 13 may kuni taxminan soat 19.00 da charter layneri Istanbuldan kelishi kutilmoqda.

24 mayga qadar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlarni tashkil etish rejalashtirilgan (yangilangan):

  • 14 may. Toshkent — Sankt-Peterburg — Toshkent;
  • 15 may. Toshkent — Singapur — Kuala-Lumpur — Toshkent*;
  • 16 may. Toshkent — Rostov-Donu — Toshkent;
  • 17 may. Toshkent — Qozon — Toshkent;
  • 18 may. Toshkent — Moskva — Toshkent;
  • 19 may. Toshkent — Sankt-Peterburg — Toshkent;
  • 20 may. Toshkent — Moskva — Toshkent;
  • 21 may. Toshkent — Istanbul — Toshkent;
  • 22 may. Toshkent — London — Toshkent;
  • 23 may. Toshkent — Novosibirsk — Toshkent;
  • 24 may. Toshkent — Sharja — Toshkent.

Vatanga keksa, kasal fuqarolar, homilador va bolali ayollar birinchi galda qaytariladi. Ular O‘zbekistonga qaytib kelganlaridan keyin 14 kunlik karantinga joylashtiriladi.

TIV chet eldagi fuqarolardan yuqoridagilarni e’tiborga olish, karantin qoidalariga rioya qilish va bo‘lib turgan mamlakatlari aeroportlari, diplomatik vakolatxonalar va Uzbekistan Airways xabarisiz yig‘ilmasliklarini iltimos qildi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 7 may kuni O‘zbekiston hukumati xorijiy mamlakatlardan fuqarolarni qaytarish ustida ish olib borayotgani haqida ma’lum qilgan edi. Jumladan, birinchi navbatda Rossiya, Turkiya, BAA va boshqa davlatlardan pul va yashash joyisiz qolib ketgan 11 ming fuqaro olib kelinishi aytilgan.