Aeronavtika va kosmik fazoviy tadqiqotlar milliy boshqarmasi (NASA, AQSH) O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlarining Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishidan oldingi va keyingi holatlari aks etgan sun’iy yo‘ldosh rasmlarini e’lon qildi.

Rasmlar 22 aprel va 8 may kunlari Landsat 8 sputniki orqali olingan va suv qayerda yig‘ilib qolganini ko‘rsatadi.

22 aprel holati bo‘yicha rasm

8 may holati bo‘yicha rasm

Pastdagi rasmda to‘g‘on o‘pirilishining joyi va qisman bo‘shab qolgan suv ombori ko‘rsatilgan. Sun’iy yo‘ldosh rasmi olingan vaqtda suv chiqishi to‘xtagan, lekin suv oqimi qaysi yo‘nalishlardan ketganligini ko‘rish mumkin. Suvning bir qismi to‘g‘on bo‘ylab shimolga, keyin esa sharqqa oqib ketgan.

Sardoba suv ombori hududi, 8 may

Suv bosgan hududlar, 8 may

Lekin NASA ning aniqlik kiritishicha, suvning barchasi ham faqat kanallar bo‘ylab oqib ketmagan. Sheffild (Buyuk Britaniya) Universiteti professori Deyv Petlining o‘z blogida yozishicha, suv oqimlari keng hududlarga yetib borgan va maydonlar hamda aholi yashash punktlariga zarar yetkazgan.

«Yashil» va suv bosgan hududlar orasidagi farq ayniqsa «soxta rangli» rasmlarda bilinadi (ular 30 aprel va 7 may kunlari olingan).

30 aprel holati bo‘yicha rasm

7 may holati bo‘yicha rasm

NASA ning ta’kidlashicha, suv omboridan shimolga yo‘nalgan suv O‘zbekiston va Qozog‘iston chegaralarini o‘z ichiga oladigan katta hududda to‘planib qolgan.

Oldinroq xabar berganimizdek, 1 may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi oqibatida Sirdaryo viloyatidagi bir nechta tumanlar hamda qo‘shni Qozog‘istondagi aholi turar joylarini suv bosgan edi.