7 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Eksport faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, prezidentning 2019 yil 24 maydagi PQ-4337-son «Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq joriy etilgan mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish mexanizmi mahsulotlarni avtomobil va havo transportida eksportga tashishga ham tatbiq etiladi.

Ma’lum qilinishicha, Respublika eksport komissiyasi tomonidan bir hafta muddatda mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga mahsulotlarni eksport qilishda, shu jumladan, 2020 yil 1 apreldan buyon amalga oshirilgan eksport bo‘yicha avtomobil, havo va temir yo‘l transportida tashish xarajatlarini qisman kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish tartibi tasdiqlanadi.

Qarorga muvofik, O‘zbekiston bojxona chegarasidan eksport operatsiyalari bo‘yicha olib o‘tilayotgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirishda jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan joriy qilingan barcha turdagi majburiy to‘lovlar va ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorligi mavjudligini tekshirish amaliyoti 2021 yil 1 yanvarga qadar bekor qilinadi.

Shuningdek, eksport qiluvchilar garov sifatida sug‘urta xizmatlaridan foydalanganda sug‘urta mukofotini qoplashga O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan kompensatsiyalar taqdim etilishi belgilangan.