O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Kengashining 6 may kuni bo‘lib o‘tgan majlisida parlament yuqori palatasining to‘rtinchi yalpi majlisini joriy yil 11 may kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qildi.

Videokonferensaloqa shaklida o‘tkaziladigan yalpi majlisda 20 ta masala, shu jumladan, 10 ta Qonun ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Yalpi majlisda, jumladan, quyidagi qonunlar ko‘rib chiqiladi:

  • «Salomatlik» ordenini ta’sis etish to‘g‘risida"gi;
  • «Sog‘lom turmush» medalini ta’sis etish to‘g‘risida"gi;
  • «Faxriy murabbiy» ordenini ta’sis etish to‘g‘risida"gi;
  • «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi;
  • «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida"gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi.

Shuningdek, senatorlar tomonidan O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqiladi.

Yalpi majlisda «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» Davlat dasturining 2020 yil birinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining, Ombudsman, Hisob palatasi, Bosh prokuror va Markaziy bank boshqaruvi raisining 2019 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari eshitilishi ham nazarda tutilmoqda.