O‘zbekiston Adliya vazirligi matbuot xizmati 1-maydan qonunchilikdagi o‘zgarishlarni yana bir bor eslatib o‘tdi. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

1. Ai-80 benzini narxini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinadi.

Ai-80 markali avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isi (shu jumladan EKO markali dizel yoqilg‘isi) chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinadi va neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan ularni sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshiriladi.

2. Tibbiyot tashkilotlarida xalq tabobati xonalari ochiladi.

Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan, davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs maqomiga ega Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, tuman (shahar), viloyat va respublika darajasidagi davlat ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalarida hamda nodavlat tibbiyot tashkilotlarida xalq tabobati xonalari ochiladi.

3. Hududlar dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha ixtisoslashtiriladi.

Dorivor o‘simliklarni yetishtirish, saqlash, birlamchi yoki chuqur qayta ishlash klasterlari tashkil etiladi, shuningdek, hududlar dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha ixtisoslashtiriladi.

4. Alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalari joriy etiladi.

5. Bog‘cha puli miqdorlari o‘zgaradi.

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlari o‘zgaradi.

6. Bo‘stonliqda turar joyni ijaraga berganlik uchun alohida soliq tartibi joriy etiladi.

2020 yil 1 maydan boshlab, 2021 yil 1 maygacha Bo‘stonliq tumanida tajriba tariqasida soliq solish ob’ektlarini hisobga olish va soliq ma’muriyatchiligining alohida tartibi joriy etiladi.

Tajriba davrida jismoniy shaxslar tomonidan dam olish uylari, dala hovli, yakka tartibdagi uy-joylar va yashash uchun mo‘ljallangan boshqa turar joylar, shuningdek, ayrim mol-mulk turlari soliq organlarining tayanch punktlari tomonidan soliq solish ob’ektlarining hisobga qo‘yilgani to‘g‘risidagi bepul beriladigan guvohnoma asosida ijaraga beriladi.

7. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi direktori mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha OTM rektoriga, direktor maslahatchisi va direktor o‘rinbosarlari — OTM prorektoriga, boshqarma va bo‘lim boshliqlari — fakultet dekaniga, bosh mutaxassis — katta o‘qituvchiga, yetakchi mutaxassis — o‘qituvchiga tenglashtiriladi.

8. Davlat qurilish nazoratining yangi tartibi joriy etiladi.

Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va hududiy inspeksiyalar tomonidan qurilishi tugallangan ob’ektlardan foydalanishga ruxsat berish tartibini joriy qilgan holda, moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar xavf-xatar toifasi past ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha mavjud tartib-taomillar bekor qilinadi.