Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yuqori darajadagi mutaxassislari texnik yordam ko‘rsatish maqsadida Markaziy Osiyo davlatlariga tashrif buyurishadi. Bu haqda JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, yanvar oyi oxiridan boshlab JSST 8 ta yuqori darajadagi ekspert missiyalarini tashkil qildi — Italiya, Ispaniya (ikki marta), Belarusiya, Ukraina, Gruziya va Ozarbayjon. Hozirda Markaziy Osiyo mamlakatlariga missiya tashkil etish rejalashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, mazkur missiyaning Markaziy Osiyo mintaqasiga tashrif buyurishidan asosiy maqsad texnik yordam ko‘rsatish.

JSST mutaxassislarning Ozarbayjon va Misr davlatlariga tashrifi chog‘ida ularning asosiy vazifalari mazkur mamlakatlarda koronavirus infeksiyasiga bog‘liq vaziyat bo‘yicha to‘liq tushuncha hosil etish, amaldagi javob choralarini ko‘rib chiqish, zarur bo‘lganda joyida texnik yordam ko‘rsatish, javob choralarining kuchli tomonlari va kamchiliklarini aniqlash va shu qatorda COVID-19 koronavirus infeksiyasiga samarali qarshi kurash rejasini ishlab chiqish bo‘lgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakilining so‘zlariga ko‘ra, yuqumli kasalliklarning eng ko‘p holati Amerika va G‘arbiy Yevropada qayd etilgan, ammo “hozirgi vaqtda mintaqaning sharqiy qismidagi mamlakatlarda kasallikning tarqalish darajasi ko‘paymoqda”. Shu bois, Xans Klyuge koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan cheklovlarni olib tashlashda ehtiyotkorlik zarurligini va barcha JSST tavsiyalarini hisobga olgan holda bunday qarorlarni qabul qilishga chaqirdi.