«Mazmunli karantin» loyihasi davomida sizga o‘zbek tilidagi TED chiqishlari va TED-Ed darslarini, hamda O‘zbekistonda tashkillashtirilgan TEDx loyihalaridan chiqishlarni havola qilib boramiz.

Bugun Khan Academy asoschisi Salmon Xonning 2011 yilda TED anjumanidagi chiqishini o‘zbek tilida ko‘rishingiz mumkin. Ushbu chiqishning tarjimasi va dublyaji Khan Academy O’zbek jamoasi tomonidan amalga oshirilgan.

Video orqali ta’limni isloh qilish (24 daqiqa)

Khan Academy asoschisi Salmon Xon ushbu ta’lim markaziga nima uchun asos solganligi, matematika va boshqa fanlardan ta’lim berish uchun videodarslarning muhimligi haqida gapiradi. U interaktiv darslarning ta’sirini ko‘rsatadi va o‘qituvchilarni noan’anaviy dars o‘tish uslublaridan foydalanishga chaqiradi. Shunday uslublardan biri talabalar yoki o‘quvchilarga ma’ruzalarni uyda video orqali tomosha qilish va uy vazifalarini sinfxonalarda o‘qituvchi yordamida qilishdir.

«TED Talk» dunyoning turli burchagidagi yorqin fikr namoyondalarining ommalashuvga munosib g‘oyalarini («Ideas worth spreading») almashishlari uchun yaratilgan o‘ziga xos platforma vazifasini bajaradi. 1984 yili TED (Technology, Entertainment, Design) birinchi marta tashkil etilganda, unda texnologiya, san’at va dizaynga oid mavzular muhokama qilingan. Bugungi kunga kelib esa, TED doirasida dunyoning 110 tilida atrof-muhit masalalaridan tortib, san’at sohasigacha bo‘lgan mavzular qamrab olingan.