O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 aprel kuni “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatda quyidagilar raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni yanada rivojlantirishning qo‘shimcha vazifalari etib belgilandi:

  • 2023 yilga kelib raqamli iqtisodiyotning mamlakat YAIMdagi ulushini 2 baravarga ko‘paytirishni nazarda tutgan holda, shu jumladan, ishlab chiqarishni boshqarishda axborot tizimlari kompleksini joriy qilish, moliyaviy-xo‘jalik faoliyatda hisobot yuritishda dasturiy mahsulotlardan keng foydalanish, shuningdek, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish orqali uni jadal shakllantirish;
  • 2020−2021 yillarda barcha sog‘liqni saqlash muassasalari, maktablar va maktabgacha ta’lim tashkilotlarini, shuningdek, qishloqlar va mahallalarni yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulash hamda aloqa xizmatlari sifatini oshirishni ko‘zda tutgan holda mamlakatning raqamli infratuzilmasini to‘liq modernizatsiya qilish va zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan barcha hududlarda foydalanish imkoniyatini ta’minlash;
  • 2022 yilga qadar elektron davlat xizmatlari ulushini 60 foizgacha yetkazishni nazarda tutgan holda davlat axborot tizimlari va resurslarini yaratish hamda integratsiya qilish, davlat ma’lumotlar bazalaridagi axborotlarni unifikatsiya qilish, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibotlarini optimallashtirish va tartibga solish orqali elektron hukumat tizimini rivojlantirish;
  • dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish va texnologik maydonchalar yaratish orqali “raqamli tadbirkorlik"ni rivojlantirish, 2023 yilga kelib ushbu sohadagi xizmatlar hajmini 3 baravarga oshirish va ularning eksportini 100 million dollarga yetkazish;
  • ta’lim tizimining barcha bosqichlarida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va zamonaviy iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan raqamli bilimlarning darajasini oshirish, ta’lim infratuzilmasini takomillashtirish, shuningdek, “Besh tashabbus” loyihasini amalga oshirish doirasida 2022 yilga qadar respublikaning barcha hududlarida raqamli bilimlarga o‘qitish markazlarini ochish.

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzurida quyidagilar:

a) “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi tashkil etiladi. Quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • elektron hukumatni rivojlantirishda yagona texnologik yondashuvni ta’minlash;
  • davlat organlari va tashkilotlarida raqamli rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
  • davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomining yagona idoralararo elektron tizimini joriy etish;
  • elektron hukumat sohasidagi loyihalar va dasturlarni amalga oshirish bosqichlarini muvofiqlashtirish;

b) “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasasi tashkil etiladi va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • iqtisodiyot tarmoqlari va ishlab chiqarishga raqamlashtirish jarayonlarining ta’sirini baholash;
  • ekspertlar hamjamiyati bilan hamkorlikda raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat sohasida yangi yo‘nalishlar va zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘rganish orqali ularni davlat organlari va tashkilotlarida keng joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
  • iqtisodiyotning turli tarmoqlarida “aqlli” va boshqa istiqbolli texnologiyalarni, shuningdek, katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlovchi texnologiyalarni joriy etishning konseptual va uslubiy asosini shakllantirish.

Vazirlik markaziy apparati tuzilmasida:

  • agrar sohani jadal raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalariga zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish masalalariga mas’ul bo‘lgan vazir o‘rinbosari lavozimi kiritiladi;
  • Agrar sohada raqamli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi va Geoaxborot texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasi tashkil qilinadi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator UZINFOCOM” ustav kapitalidagi davlat ulushini AKT vazirligiga beg‘araz asosda o‘tkazib beriladi hamda vazirlik tashkiliy tuzilmasidagi xo‘jalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) vazirlikka o‘tkazib beriladi.

Agentlik qoshidagi “Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” DUKning axborot tizimlari va boshqa apparat-dasturiy komplekslari bir hafta muddatda AKT vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasiga beg‘araz asosda o‘tkazish belgilandi.

Qaror bilan quyidagilar:

  • “Elektron hukumat” tizimining arxitekturasi;
  • 2020−2022 yillarda elektron hukumatni yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor loyihalar ro‘yxati;
  • 2020−2022 yillarda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish bo‘yicha ustuvor loyihalar ro‘yxati;
  • Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”;
  • 2020−2022 yillarda axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor loyihalar ro‘yxati;
  • 2020−2021 yillarda qishloq va suv xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

O‘zbekiston bosh vaziriga ushbu qaror bilan tasdiqlangan loyihalar ro‘yxatiga aniqlik kiritish huquqi berildi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasida elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobraqam ochiladi. Jamg‘arma maxsus hisobraqamining daromad manbalari etib quyidagilar belgilandi:

  • mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun to‘lanadigan to‘lov summasining taqsimlanguniga qadar bo‘lgan 35 foizi;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘langan davlat bojlari, yig‘imlar va barcha turdagi to‘lovlarning 11,25 foizi, shuningdek, Yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘langan davlat bojlari va boshqa to‘lovlardan tushadigan mablag‘larning 0,5 foizi;
  • qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa daromadlar.

Hujjatga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, joriy etish, integratsiya qilish va texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha umumiy qiymati 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan bitta shartnoma doirasida tanlovlarni faqat Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki rezidentlari o‘rtasida o‘tkazish huquqiga ega.

Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida ishlatiladigan barcha axborot tizimlari va resurslarining idoralararo elektron hamkorligi faqat “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi orqali amalga oshiriladi.

AKT vazirligiga 2020 yil 1 oktyabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki rezidentlari tomonidan ommaviy moliyalashtirish (kraudfanding) va opsion-shartnomalarni tuzish tartibini belgilash bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

“Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi Yagona integrator bilan birgalikda 2020 yil 1 oktyabrga qadar aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga axborot xizmatlarini, jumladan, xabardor qilish xarakteridagi ma’lumotlarni taqdim etuvchi davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashgan Elektron hukumat xizmatlari haqida axborot berish va xabardor qilish tizimini ishlab chiqish belgilandi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida mahalliy tadbirkorlik sub’ektlariga yanada qulayliklar yaratish maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga egalik qilish, uni yuritish va boshqarish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 1 avgustga qadar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan yo‘llanadigan xat-xabarlar, xabarnomalar, chaqiruv qog‘ozlari va boshqa yuridik hujjatlarni faqat pochta aloqa ob’ektlari tarmog‘i orqali yetkazib berish tartibini belgilaydi.

AKT vazirligi 2020 yil 1 avgustga qadar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan pochta aloqasi ob’ektlari tarmog‘i orqali yo‘llanadigan xat-xabarlar, xabarnomalar, chaqiruv qog‘ozlari va boshqa yuridik hujjatlarni jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazib berish va yetkazilganligini tasdiqlash, ma’lumotlarni saqlash va hisobga olishning yagona milliy tizimini joriy etadi.