27 aprel kuni Buxoro viloyatida kuzatilgan kuchli shamol natijasida yetti kishi turli darajada tan jarohatlari oldi. Bu haqda O‘zbekiston FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Ayrim tumanlarda janubiy-g‘arbiy yo‘nalishda 15−25 m/s (54−90 km/soat) tezlikda kuchli shamol esishi natijasida ijtimoiy soha ob’ektlariga, aholi yashash xonadonlariga va daraxtlarning ag‘darilishi natijasida avtotrasport vositalariga zarar yetgan.

FVV O‘zgidrometga tayangan holda kuchli shamol Toshkent shahri va viloyatida ham kuzatilish ehtimoli mavjudligidan ogohlantirdi. Fuqarolardan o‘zlarini ehtiyot qilishlari hamda avtotransport vositalarini daraxtlar va binolarga yaqin joylarda qoldirmaslik choralarini ko‘rishlari so‘raldi.

Hududlardan kelgan xabarlarga ko‘ra, kuchli shamol 27 aprel kuni tunda Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida ham kuzatilgan.

Avvalroq poytaxt hokimligi va IIBB 28 aprel kuni Toshkentda 12−17 m/s tezlikda kuchli shamol esishi haqida xabar bergan edi.