O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida aholi hayoti, infratuzilma tarmoqlari va qishloq xo‘jaligi ekinlariga katta zarar yetkazgan tabiiy ofat oqibatlarini ko‘zdan kechirish, zarur chora-tadbirlarni belgilash hamda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish maqsadida Buxoroga jo‘nab ketdi. Bu haqda mamlakat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, 27 aprel kuni soat 20:00dan 28 aprelgacha soat 00:30ga qadar Turkmaniston hududidan kuchli shamol kirib kelib, respublikaning Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida soniyasiga 40 metrgacha tezlikda shamol esishi kuzatilgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, shamol natijasida 29 kishi yengil, 1 kishi og‘ir tan jarohati olgan bo‘lsa, 1 kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Shuningdek, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tabiiy ofat natijasida viloyat bo‘yicha 5293 ta bino, 415 ta transport vositasi, 42,4 mingta daraxt talofot ko‘rgan va 295 ta tabiiy gaz va elektr ta’minotida avariyalar sodir bo‘lgan va buning oqibatida 138 mingdan ortiq xonadonlar vaqtincha gaz ta’minotidan uzilib qolgan.