23 aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1716 nafarda saqlanib qoldi. Bu haqda mamlakatning bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov «O‘zbekiston 24» telekanali efirida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Toshkentdagi uchta tibbiyot muassasasida 318 kishi davolanmoqda, ulardan 74 nafarida klinik pnevmoniya belgilari mavjud.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 84 bemor davolanmoqda, 29 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 3 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.

Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 82 bemordan 2 nafarining ahvoli og‘ir.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 152 bemordan 45 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 6 nafarining ahvoli og‘ir, 2 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, deb baholanyapti.

Hozirgi vaqtga kelib, 116 ming fuqaro karantin muddatini statsionar va uy sharoitida o‘tayapti, dedi Nurmat Otabekov.

Ma’lumot uchun, koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni hozirda 450 kishini tashkil etmoqda. Yetti kishi hayotdan ko‘z yumgan.